O‘zbekiston | 15:36 / 16.03.2024
10924
6 daqiqa o‘qiladi

Filtrlar ish bermayaptimi – Toshkent havosining yana ifloslanishiga nima sabab bo‘ldi?

15 mart kungi Toshkent shahri havosining haddan tashqari ifloslanishida ob-havodagi inversiya jarayonining ta’siri yuqori bo‘ldi. Lekin inversiyaning yomon oqibatiga mo‘rilardan tutunlarning filtrlanmay chiqishi sabab bo‘lgani ehtimoli yuqori. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov mo‘rilardagi zaharni tutib qolish uchun filtr ish bermasligi mumkinligi, uning o‘rniga elektrod kabi mukammalroq qurilmalar o‘rnatishni taklif qilyapti.

Foto: Kun.uz

15 mart kuni soat 9-10 atrofida Toshkent havosi IQAir havo sifati reytingida 1-o‘ringa chiqdi. Havo tarkibida P.M 2.5 zarrachalari 274 mg/m3ni tashkil qildi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan 49 marta ko‘p. Yuqori darajadagi ifloslanishga qanday omillar sabab bo‘lgani haqida iqlimshunos Erkin Abdulahatov o‘z tahlillarini e’lon qildi.

Konveksiya va inversiya hodisasi

Poytaxt havosidagi ifloslanishni har xil manbalar tashkil qilyapti. Deyarli barcha havo ifloslanishlari ob-havo muhitiga bog‘liq bo‘lib, poytaxtning havo sifati Toshkentdagi shamol aylanmalari va havo oqimi fizik xususiyatlariga bevosita aloqador. Masalan, nam havo oqimlari kirib kelishidan ancha oldin konveksiya jarayoni yer yoki zamindagi sirt yuzalaridan chang va boshqa mayda zarrachalarni pilesos kabi havoga ko‘tarsa, aksincha, antitsiklon (ochiq osmonli havo)da quyosh chiqishidan so‘ng inversiya jarayoni yuqoridan pastga harakatlanuvchi tinch ob-havoni taqdim etadi.

Natijada mo‘rilardan chiqadigan ifloslikni shahar tashqarisiga emas, poytaxtda kishilar nafas oladigan balandlikka olib tushadi. 15 mart kuni xuddi shunday antitsiklon ob-havo sharoitida poytaxt havosi sifati birmuncha muddat dunyo reytingida peshqadam bo‘lib turdi. Bu kabi ifloslanish o‘tgan 2023 yilning yanvarida ham haddan tashqari ko‘p marotaba havoni ifloslantirgan edi. Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda yil davomida 26 kun zararli havo bo‘lgan va shuning 19 kuni faqat yanvar oyiga to‘g‘ri kelgan. U ham anomal sovuqlikda antitsiklonik jarayonlar fonida ro‘y bergandi. Poytaxtda 2023 yilning boshqa oylarda bu kabi kuchli havo ifloslanishlari ro‘y bermagan.

Avtomobil yonish effekti

Boshqa paytlarda esa avtomobil harakati yonish effekti asosida ajralib chiqqan mayda zarrachalar asfalt qoplamasi usti yoki sirt yuzalaridan havoga ko‘tarilib, havoni ifloslantiryapti. Bu kabi ifloslanishlar yilning katta qismida muttasil davom etib turadi. Chunki yil davomida antitsiklon yoki konveksiya jarayonlari doim ham kuzatilavermaydi. Undan tashqari, shaharsozlikdagi palapartish qurilish, daraxt va suv obektlarining yo‘q qilinishi va Qozog‘istondagi cho‘llashish omili tufayli ham chang massasining havoda ko‘payib borayotganini keltirib o‘tish mumkin.

15 martda poytaxt havosidagi ifloslanish ob-havo sharoitidan kelib chiqib, ko‘pchilikni aynan ifloslantiruvchi manba nima ekanini tushunib yetishga yetaklaydi. Inversiya jarayoni sabab havo ifloslanishi havo xiraligi hisobiga datchiklarda ifloslikni bo‘rttirib ko‘rsatdi, bu aynan namlik hisobiga ro‘y berdi degan taxminlar ham bo‘ldi. Ammo O‘zgidrometning datchiklari namlik bilan bog‘liq xiralik omilisiz, atmosfera havosi monitoringini yuritishini inobatga olsak (asbob-uskunalar standartdan o‘tgan bo‘ladi), yuqoridagi taxmin o‘zini oqlamaydi. Qolaversa, suv bug‘ida aksar aholida muttasil aksirish ro‘y bermasligini ko‘pchilik yaxshi bilsa ham kerak.

Mo‘rilarga yaxshiroq qurilmalar qo‘yish kerak

Yuqoridagi vaziyatda mo‘rilarga o‘rnatiladigan gaz-havoni tozalovchi qimmat filtrlar o‘rniga, maxsus elektrod uskunasi o‘rnatish orqali vaziyatni barqarorlashtirsa bo‘ladi. Masalan, elektrod yordamida o‘ta katta kuchlanishda taxminan 200 ming voltgacha elektr toki va past amperda doimiy o‘zgaruvchan chastota mikro chaqmoq yordamida ozon hosil qilinadi. U nanozarralarni zaryadlab, oksidlab mikro va makro zarralarga aylantiradi. Bu mo‘ri o‘rtasida uyurma turbulentni hosil qilib, qarama-qarshi yo‘nalishda zarrani pastga tushiradi, karbon dioksidini yuqoriga chiqaradi.

Natijada ko‘mir yonishida hosil bo‘lgan metan, SO va boshqa gazlar to‘liq oksidlanib, zararsiz holatga keladi. Qurilma effekti 99,8 foiz tozalikda ishlaydi. Bu qurilma uchun stansiya ishlab chiqargan elektr tokining 0,2 foiz qismini sarflash kifoya. Xitoy bir nechta yirik shaharlarida haddan tashqari ko‘p ko‘mir yoqish hisobiga aholisini “zahar” ichida yashashidan qutqarish uchun yuqoridagi usulni qo‘llash orqali vaziyatni yumshata olgan. Natijada 2016 yil Xitoyda mo‘rilardan chiqadigan havo ifloslanishi yaxshilanib, shahar havosi sifat darajasi birmuncha barqaror muhitga qaytgandi. Yuqori ehtimol bilan, kelayotgan qishlarda ham ko‘mir yoqishdan voz kechmaslik “kayfiyati” borligidan kelib chiqsak, O‘zbekistonda ham Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti va Energetika vazirligi huzuridagi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJlar elektrokod kabi qurilmalarni qo‘llash ishlarini boshlashsa yomon bo‘lmasdi.

Ma’lumot uchun, poytaxt havosining ifloslanishi 2023-2024 yil qish oylarida surunkali ko‘paydi. Ekologiya vazirligi shahar havosini ifloslantiruvchi manbalar haqida tahlillarini e’lon qilgan edi. Undan keyin Toshkent shahar hokimligi tez orada havo sifatini yaxshilash chora-tadbirlari ishlab chiqilishini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid