Jahon | 16:53 / 05.04.2024
6619
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoga ikkita gumanitar yo‘lak ochishga qaror qildi 

Bu Bayden Netanyahu bilan «keskin ohangda» gaplashishi va undan sektor aholisini himoyalashni talab qilishi ortidan bo‘lmoqda.

Foto: Getty Images

Isroil hukumati G‘azo sektoriga yordam yetazib berish uchun ikkita yangi gumanitar yo‘lak ochilishini ma’qulladi. Bu qaror AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon muloqoti o‘tkazishi hamda undan anklavdagi tinch aholini himoya qilish choralarini ko‘rishni talab qilishidan keyin qabul qilindi.

Isroilning HAMASga qarshi urushi boshidan buyon G‘azo sektoriga sektor shimoliy qismida joylashgan «Erez» chegara punkti ham vaqtincha ochiladi. Bundan tashqari, Isroil Iordaniyadan «Kerem-Shalom» nazorat-o‘tkazish punkti orqali olib kiriladigan yordam hajmini oshirishga ruxsat beradi. Shuningdek, Isroilning Ashdod portiga ham G‘azo uchun yordam olib kelinishi boshlanadi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi Isroil hukumatining bu qarorini olqishlashini bildirgan va bu qaror «tez va to‘liq» amalga oshirilishi lozimligini qayd etgan.

Payshanba kuni kechqurun Bayden va Netanyahu yarim soat davomida telefon orqali gaplashgandi va Oq uy bayonotiga ko‘ra, bu muloqot noodatiy tarzda qat’iy ohangda kechgan.

Yetakchilar Isroil havo zarbasi oqibatida G‘azo aholisiga oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullangan World Central Kitchen (WCK) tashkilotining g‘arb davlatlaridan bo‘lgan ko‘ngillilari halok bo‘lishidan keyin ilk bor gaplashdi. Netanyahu harbiylar «begunoh odamlar»ga «qasddan zarba yo‘llamagani»ni aytgan va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun barcha ishni qilishga va’da bergan.

AQSh prezidenti ma’muriyatiga ko‘ra, Bayden isroillik bosh vazir bilan muloqotda «gumanitar tashkilotlar xodimlariga zarbalar va umuman gumanitar vaziyatni og‘irlashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi»ni aytgan.

«U Isroil tinch aholi vakillariga azob berish, gumanitar xodimlar xavfsizligi muammolarini hal qilishga qaratilgan va natija beradigan bir qator aniq qadamlarni e’lon qilishi va amalga oshirishi shartligini aniq aytdi», — deyilgan Oq uy xabarida.

Amerikaning Isroil bo‘yicha siyosati Isroilning tinch aholi va insonparvarlik tashkilotlari xodimlari himoyasi yo‘lidagi qadamlariga bog‘liq bo‘ladi, deya qayd etgan Oq uy.

BBC muxbirlari xabar berishicha, Bayden Netanyahuga boshqa narsalar qatori Isroil G‘azoga gumanitar yo‘laklar ochilishi lozimligini ham aytgan.

Amalda u Isroil rahbariyatiga ultimatum qo‘ygan: yoki Isroil hukumati sektorning tinch aholisi hayotini yengillashtiruvchi muayyan qadamlar tashlaydi va gumanitar tashkilotlarning xavfsiz ishlashini ta’minlaydi, yoki Vashingtonning G‘azo bo‘yicha siyosati o‘zgaradi, deya qayd etgan nashr muxbirlari.

Shu tariqa, AQSh birinchi marta Isroilga Amerika yordami ajratilishi isroillik rasmiylarning G‘azodagi harakatlariga bog‘liq bo‘lishini tushuntirib qo‘ygan.

Yordam yetkazishdagi kechikishlar

So‘nggi haftalarda tobora ko‘proq davlatlar hukumatlari va xalqaro tashkilotlar Netanyahuning hukumatini G‘azo sektoridagi harakatlari uchun tanqid qilmoqda.

Sektor chegarasida, Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktida g‘azoliklar uchun mo‘ljallangan insonparvarlik yuklari ortilgan yuk mashinalarining ulkan navbatlari yuzaga kelgan, ularning bir qismi chegaradan o‘tishni bir necha oydan buyon kutmoqda. Bu holat G‘azoga yordam faqat uzoq davom etuvchi byurokratik jarayon hamda Isroil hukumati o‘tkazadigan tekshiruvlardan keyin olib kirilishi mumkinligi bilan bog‘liq.

G‘azoga barqaror yordam yetkazib berish yo‘qligi fonida AQSh, Buyuk Britaniya, Iordaniya va boshqa mamlakatlar gumanitar yordamni samolyotlar orqali tashlash taktikasini qo‘lladi. Lekin bu yuklar yetkazib berishning samarali usuli bo‘lib chiqmadi, qolaversa bu aholi hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin: bir necha falastinlik dengizga tushgan yuklarni olishga uringanida cho‘kib ketdi, yana bir necha kishi ustiga parashyuti ochilmay qolgan yuklar tushishi oqibatida halok bo‘ldi.

Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyoti 2023 yil 7 oktyabrida HAMAS tomonidan Isroil hududiga hujum qilinishiga javoban boshlangandi. O‘shanda 1,2 mingdan ortiq isroilliklar halok bo‘lgan, ularning aksar qismini tinch aholi vakillari tashkil etgandi, bundan tashqari 253 kishi garovga olingandi.

Isroil qo‘shini G‘azoga bostirib kirishi va aviazarbalar oqibatida sektorning katta qismi vayronaga aylangan. HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, anklavda halok bo‘lganlar soni 33 ming kishidan oshgan.

Mavzuga oid