Jamiyat | 13:11 / 30.04.2024
7355
11 daqiqa o‘qiladi

Internet-qaroqchilik. Bu uchun qanday javobgarlik bor?

Qirg‘izistonlik rejissyor Ruslan Akunning «Jannat onalar oyog‘i ostida» filmi hali premerasi tugamay turib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi. Bu esa jamoatchilik orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘lyapti. Huquqshunos Murodjon Najmiddinovning tushuntirishicha, muallif ruxsati olinmay tarqatilayotgan film havolasini shaxsiy xabarda ulashish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Foto Steve Marcus / Reuters

Filmni tarqatish qay darajada qonuniy? Agar kishilar bir-biriga shaxsiy xabarlar orqali jo‘natishsa-chi? Filmni ruxsatsiz tarqatganlik uchun qanday javobgarlik bor va uni kino ijodkorlarning arizasisiz ham qo‘llash mumkinmi? Huquqshunos Murodjon Najmiddinovning hudud24.uz saytida e’lon qilingan maqolasida shu savollarga batafsil javob berildi.

Filmni tarqatish qay darajada qonuniy? Agar kishilar havolasini bir-biriga shaxsiy xabarlar orqali jo‘natishsa-chi?

Ta’kidlash lozimki, filmlar mualliflik huquqi obekti bo‘lib, ham milliy qonunchilik, ham xalqaro qonunchilik bilan himoya qilinadi.

Jumladan, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qonunga asosan muallif asardan har qanday shaklda va usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga ega. Muallifning mutlaq huquqlari asardan bevosita o‘zi foydalanishi yoki foydalanish uchun boshqalarga ruxsat berishini anglatadi. Shu jumladan, filmni tarqatish huquqini ham.

Shuningdek, muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega. Asardan foydalanayotgan daromad olishni maqsad qilganmi yoki yo‘q, baribir asardan foydalangan hisoblanadi.

Shundan ko‘ra, filmni istalgan shaklda va joyda tarqatish uchun huquq egasidan (mualliflik, mualliflik huquqini boshqaruvchi tashkilot yoki mualliflik shartnomasini tuzgan tarafdan) ruxsat olinishi shart. Bu talab faqatgina blogerlar, striming platformalari va telekanallargagina emas, balki barchaga taalluqli. Masalan, Telegram tarmog‘ida kanallardan birida film tarqaldi. Bu o‘rnida faqatgina uni joylagan kanal egasi emas, balki tanishingizga shaxsiy xabarlar orqali ulashgan siz ham javobgar bo‘lasiz.

Bunda film qay maqsadda tarqatilganligi, tarqatish uchun rozilik olinishi lozimligidan xabarsiz ekanlikning hech qanday ahamiyati yo‘q – har qanday holatda ham qonun buziladi.

«Internet-qaroqchi»larni javobgarlikka tortish uchun muallif arizasi shartmi?

Javob – yo‘q. Huquq egasi arizasisiz ham Internet-qaroqchilarni javobgarlikka tortish mumkin. Faqat ma’lum talab va shartlar bilan.

Masalan, birinchi holatda, film tadbirkorlik sub’yekti hisoblangan telekanal tomonidan Internet tarmog‘idagi sahifalariga joylandi. Aytaylik, hali film premerasi tugamagan. Va bu holatdan barcha xabar topdi, shu jumladan, vakolatli organlar ham. Shunga qaramay ular telekanal mansabdor shaxsini to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlikka tortolmaydi. Bu o‘rinda inobatga olinishi lozim bo‘lgan yuridik me’yorlar mavjud.

Jumladan, qonun bo‘yicha mualliflik shartnomasi orqali filmni tarqatishga bo‘lgan huquqlarni boshqaga o‘tkazish mumkin. Shu bois, telekanal javobgarlikka tortishdan oldin uning filmni tarqatish uchun huquq egasidan rozilik olgan yoki olmaganligini aniqlash lozim. Ammo bu ko‘p ham oson ish emas. Buning uchun dastlab tadbirkorlik sub’yektini tekshirish kerak. Tekshirish esa faqatgina Biznes Ombudsman bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin. Aks holda bu noqonuniy hisoblanadi.

Biznes Ombudsman tadbirkor sub’yektlari faoliyatini tekshirish uchun har doim ham ruxsat bermasligi mumkin. Ta’kidlash lozimki, huquq egasining arizasi ruxsat olishni ancha yengillashtiradi va vakolatli organga tekshirishni asoslantirishga yordam beradi. Shundan so‘nggina javobgarlik masalasi hal qilinadi.

Ikkinchi holatda, film bloger, kanal egasi, umuman istalgan kishi tomonidan tarqatildi. Bunda vaziyat ancha yengilroq. Vakolatli organ filmni tarqatganlarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atishi va uni ko‘rib chiqish uchun sudga oshirishi mumkin.

Mualliflik huquqini buzganlar uchun qonunlarda qanday javobgarlik bor?

Filmni ruxsatsiz tarqatish ma’muriy va fuqaroviy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jumladan, MJTKning 177-1-moddasiga asosan asarlardan qonunga xilof ravishda foydalanish, shu jumladan, tarqatish fuqarolarga BMHning 10, mansabdor shaxslarga esa 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ta’kidlash lozimki, jazo choralari juda yumshoq bo‘lib, mualliflik yetishi mumkin bo‘lgan zarar hajmiga mutanosib emas. Masalan, «Jannat onalar oyog‘i ostida» filmi O‘zbekiston kinoteatrlaridagi namoyishi bilan 1 haftada 1,3 mlrd so‘m yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi (bir kishi uchun o‘rtacha bilet narxi 90 ming so‘m). Unga qadar Qozog‘iston kinoteatrlarida ham qo‘yilib, 2 haftada 2,24 mln dollar mablag‘ga ega bo‘lgan. Film faylining Internet tarmog‘ida tarqalishi kinoteatrlarga tushuvchilar sonini kamaytirmay qolmaydi. Bu holatda filmni tarqatgan kishi uchun maksimal javobgarlik esa 3,4 mln so‘m.

Yana shuni ham, aytish kerakki, javobgarlik faqat ma’muriy javobgarlik bilan cheklangan, intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik dispozitsiyasi juda tor bo‘lib, film tarqatishni qamrab olmaydi. Ta’kidlash lozimki, Jahon savdo tashkilotining intellektual mulk masalalarini tartibga soluvchi TRIPS bitimi hech bo‘lmaganda mualliflik huquqini tijorat maqsadlarida buzish uchun jinoiy protseduralar va jarima qo‘llashni ko‘rib chiqishni talab qiladi.

Jinoiy javobgarlik bo‘lmasa-da, mualliflik huquqini buzish uchun fuqaroviy javobgarlik ham belgilangan. Ammo buning uchun huquq egasi arizasi bo‘lishi shart, vakolatli organ mustaqil qo‘llay olmaydi.

Mualliflik huquqi egasi huquqbuzardan quyidagilarni talab qilishi mumkin:

  • filmga nisbatan uning huquqlarini tan olishni;
  • filmni tarqatishni to‘xtatishni;
  • ololmay qolgan daromadi miqdoridagi zararlarning o‘rnini qoplashni. Agar huquqbuzar daromadlar olgan bo‘lsa, huquq egalari boshqa zararlar bilan bir qatorda boy berilgan foydani bunday daromadlardan kam bo‘lmagan miqdorda qoplashni;
  • zarar yetkazilishi faktidan qat’i nazar, BMHning 1000 baravarigacha tovonni to‘lashni.

Ma’muriy jarimadan fuqarolik tovonning farqi shundaki, jarima davlatga to‘lanadi, tovon esa huquq egasiga. Ammo bu yerda ham barchasi «silliq emas». Tovonning maksimal miqdori cheklangan. Yuqorida keltirilgandek, film O‘zbekiston kinoteatrlaridagi namoyishi bilan 1 haftada 1,3 mlrd so‘m keltirgan. Tovonning maksimal miqdori esa 340 mln so‘m.

Albatta, tovonning maksimal miqdorini belgilashda ham ma’lum maqsadlar ko‘zlangan. Jumladan, intellektual mulk huquqining buzilish darajasini, qiymatini aniqlash metodikasi yo‘qligi uchun sudlar tomondan juda kam miqdorda tovon belgilanib kelingan. Tovonning maksimal miqdori belgilanishi esa sudlarga shuni asos qilib, BMHning 1000 baravariga kompensatsiya belgilash imkonini beradi.

Ammo tovonning ushbu miqdori huquq egalarining mulkiy manfaatlarini cheklaydi. Bu o‘rinda shuni taklif qilish mumkinki, intellektual mulk huquqining buzilish darajasini, qiymatini aniqlash metodikasini ishlab chiqib, tovonning maksimal miqdoriga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash lozim.

 «Qancha ko‘p odam ko‘rsa, shuncha yaxshi»

Ta’kidlash lozimki, aholida intellektual mulkka nisbatan qarashlar anchagina yumshoq. Uning muallif roziligisiz tarqalishi odatiy va tabiiy qabul qilinadi. Agarda kimdir huquqlarini talab qilsa, uning bu ishi aksariyat tomonidan yaxshi kutib olinmaydi.

Masalan, mualliflik huquqi haqida gap ketsa, «qancha ko‘p odam ko‘rsa, shuncha yaxshi», «aslida tekinga reklama qilib berganligi uchun muallif rahmat aytishi kerak» singari argumentlar tez-tez quloqqa chalinadi. Muallifning mulkiy huquqlari mulkning boshqa shakllari bilan teng ko‘rilmaydi, chunki uni «qo‘lga ushlab bo‘lmaydi».

Sababi, yoshligimiz Internet-qaroqchilik asrida o‘tdi. Kino, serial va qo‘shiqlarni noqonuniy ko‘paytirilgan video kassetalar, DVD disklar orqali tomosha qilar edik, tinglardik. Bu paytda aksariyatimizda mualliflik huquqi haqida tushuncha ham bo‘lmagan, hech qayerda eshitmaganmiz ham. Bundan tashqari, hozirgi kundagi singari pul to‘lab ko‘rish mumkin bo‘lgan striming platformalari ham bo‘lmagan.

Ammo striming xizmatlari rivojlangan hozirgi davrda ham film seriallarni qaroqchi veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalardan ko‘ruvchilar soni kam emas. Ularning aksariyati bunga sabab sifatida striming xizmatlari uchun obunalar qimmatligi, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi kamligini ko‘rsatishadi.

Xo‘sh, striming xizmatlari uchun to‘lov qay darajada qimmat? Buni misollarda ko‘rib chiqamiz. Allplay’da eng qimmat ta’rifdagi bir oylik obuna narxi 30 000 so‘m, Kinopoisk ilovasida Yandeks Plyus obunasi doirasida 9999 so‘m. Kino va seriallar bo‘yicha striming xizmatlari ichida obuna narxi qimmatlaridan biri bo‘lgan Netflixʼda obuna O‘zbekiston uchun ta’rifga qarab, 6,9 yevrodan 11,9 yevrogacha. Taqqoslab aytganda, eng qimmat obuna ham 2-3 ta tushlikning puli.

Shunga qaramay, ro‘zg‘ordan orttirib, striming platformalar uchun pul ajratish ayrim kishilar uchun biroz moliyaviy qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Xo‘sh, bunday holat filmlarni «qaroqchilik» orqali ko‘rishni oqlaydimi? Javob – yo‘q.

Birinchidan, film ko‘rish bu – ma’naviy ehtiyoj. Kishi kino ko‘rmasa o‘lib qolmaydi, u birlamchi hayotiy zarurat emas.

Ikkinchidan, mualliflik huquqini buzish xuddi mulkning boshqa shakllarini o‘g‘irlash singari qonunni buzish hisoblanadi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, mualliflik huquqini himoya qilish kompleks jarayon bo‘lib unga faqat qonunlarni kuchaytirish bilan erishib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, intellektual mulkka nisbatan hurmatni qadriyat darajasiga ko‘tarish hamda mualliflik huquqini buzish holatlarini jamoatchilik tomonidan muhokama qilish orqali jazo choralaridan ko‘ra ko‘proq natijaga erishish mumkin.

Mavzuga oid