19:38 / 08.06.2024
4269

Yakuniy benefitsiarlarni ochiqlash haqidagi qonun taqdiri nima bo‘ldi?

Ikki yil oldin Adliya vazirligi ofshor kompaniyalarga o‘z benefitsiarlarini ochiqlash talabi qo‘yilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqanini e’lon qilgandi. Vazirlik vakili Kun.uz'ga bergan izohida aytishicha, loyihani ishlab chiqish jarayoni hali ham davom etyapti, mas’ullar benefitsiarlarni aniqlash mexanizmi ustida bosh qotirmoqda.

2022 yilning may oyida Adliya vazirligi “Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar bergandi. Unda ofshor hududlarda joylashgan kompaniyalarga O‘zbekistonga kirishda o‘z benefitsiarlarini ochiqlash talabi qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Kuni kecha Adliya vazirligi mas’ul xodimi Timur Safarov Kun.uz muxbirining savoliga javoban qonunni qabul qilish kechikayotganiga izoh berdi.

“Qonunning ahamiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, [unda] oxirgi benefitsiarlarni shakllantirish masalasi haqida gap ketyapti. Bu, o‘z navbatida, benefitsiarlar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha elektron tizimni joriy qilishni nazarda tutadi. Albatta, bu qog‘ozda yuritilmaydi, ma’lumotlar bazasini shakllantirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Qonunda yozilgan masalalar ertaga o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi va u qanday ishlaydi, tartibni qabul qilib ertaga yana o‘zgartirish kiritish masalasi yuzaga kelmasligi uchun ham bugungi kunda qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Tashkilot idoralar bilan muhokama qilinyapti”, – dedi Temur Safarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yakuniy benefitsiar haqidagi ma’lumotlarni benefitsiarning o‘zi taqdim etadimi yoki davlat bu ma’lumotlarni korxonadan oladimi, qanday shaklda xabar beriladi, deklaratsiya to‘ldiriladimi yoki qayerdadir ro‘yxatda ko‘rsatib o‘tiladimi – shu kabi masalalar ustida bosh qotirilmoqda.

“Shularni elektron yuritish masalasi haqida gap ketyapti. Chunki benefitsiarlar ro‘yxati bo‘yicha ma’lumot berilsa-yu, lekin ertaga haqiqiy benefitsiar boshqa odam bo‘lib chiqadigan bo‘lsa, u holatlar qanday tekshiriladi kabi masalalar bor. Yaqinda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining monitoring jarayonlaridan keyin [bizga] benefitsiarlar borasida alohida savollar to‘plami kelgan. Qonun qanday ishlaydi, qanaqa tekshiriladi degan masalalar bo‘yicha biz qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqmoqdamiz”, – dedi vazirlik mas’uli.

U yozilgan qoidalar va amaliyot o‘rtasida tafovut kelib chiqmasligi uchun qonunning amaliyotda muammosiz ishlashini ta’minlash zarurligini qo‘shimcha qildi.

“Juda foydali qonun”

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi ishlab chiqqan loyihada benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestrini shakllantirish taklif etilgandi. Undagi ma’lumotlarni kamida har chorakda yangilash, unda yopiq turdagi ma’lumotlar (shaxsga doir ma’lumot) ham bo‘lishi nazarda tutilgan.

Vazirlik pozitsiyasiga ko‘ra, loyiha qabul qilinishi mamlakatda biznes muhitini rivojlangan davlatlar standartlari darajasiga olib chiqishga, korrupsiyaga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni kuchaytirishga, shuningdek, sohada jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga kuchli poydevor yaratadi.

Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov ofshorlar bo‘yicha qonun loyihasi juda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagandi.

“Biz juda ko‘p firmalarni bilamiz, muassisi kim, direktori kim. Lekin oxirigacha yetib bo‘lmaydi. Shuning uchun qonun bilan bu narsaning oxiriga yetish kerak.

Oxirgi benefitsiar baribir yuridik shaxs emas, jismoniy shaxs bo‘ladi. Har qanday firmaning oxirida inson turadi. Shuning uchun mana shu qonun loyihasini ham ishlab chiqdik. Buni ham jamoatchilik muhokamasiga beramiz. Qo‘llab-quvvatlansa, qabul qilinsa, juda foydasi bor”, – degandi u.

Ofshor o‘zi nima?

Ba’zi mamlakatlar yoki hududlar o‘ziga investitsiyalarni jalb qilish maqsadida soliq imtiyozlari va korporativ talablarni yumshoqroq belgilashi bilan ajralib turadi. Biznes yuritishga qo‘yiladigan talablarning qat’iy emasligi bu hududlarni o‘z shaxsini ochiqlamaslikni ma’qul ko‘ruvchi investorlar uchun jozibador maskanga aylantiradi.

Yashirin ofshor kompaniyaga ega bo‘lish noqonuniy bo‘lmasa ham, maxfiy kompaniyalarning murakkab tarmog‘idan foydalanib pul yuvish (jinoiy daromadlarni legallashtirish)ning yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.

Top