O‘zbekiston | 18:47 / 10.06.2024
8073
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi ko‘p qavatli uylarda kuzatilayotgan kamchiliklar haqida gapirdi

Prezident qurilgan yangi ko‘p qavatli uylarda bino cho‘kishi, undagi yoriqlar, sho‘rlanish va sifat bo‘yicha aholidan e’tirozlar bo‘layotganini aytib, bu borada topshiriqlar berdi. Boshqaruv kompaniyalari xizmati uchun minimal narxlar belgilanganiga to‘xtalgan Shavkat Mirziyoyev, endi sifat ham shunga yarasha bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni o‘tkazgan selektorda ko‘p qavatli uylar qurilishi va boshqaruvi masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Davlat rahbari ko‘p qavatli uylar seysmo-konstruksiyasiga noqonuniy o‘zgartirish kiritish holatlari kuzatilayotgani, yangi ko‘p qavatli uylarda bino cho‘kishi, undagi yoriqlar, sho‘rlanish va sifat bo‘yicha aholidan e’tirozlar bo‘layotganini qayd etdi.

Mas’ul tashkilotlarga uylar xavfsizligi va infratuzilma sifati bo‘yicha pudratchilar majburiyati bajarilishini qat’iy nazoratga olish, konstruksiyani noqonuniy o‘zgartirish holatlarini erta aniqlash tizimini joriy qilish topshirildi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 39 mingga yaqin ko‘p qavatli uyga 819 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda.

Soliq imtiyozi, arzon kredit berilgani, eski qarzlar “muzlatilgani” hisobiga ular oyoqqa turayotgani ta’kidlandi. Bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “og‘ir” toifada bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday kompaniya qolmagani aytildi.

Shu bilan birga, hamma joyda ham odamlar uylarni boshqarish sifatidan rozi emas. Ko‘plab boshqaruv kompaniyalari faqat ko‘chalarni supurish va tozalash, joriy ta’mirlash bilan cheklanyapti. Uylar atrofini obodonlashtirish, tom, ichki va sug‘orish tarmoqlarini soz holda saqlab turish kabi asosiy vazifalar e’tibordan chetda qolib ketmoqda.

Yaqinda boshqaruv kompaniyalari xizmati uchun tarifning eng kam miqdori belgilandi. Endi boshqaruv va ekspluatatsiya sifati ham shunga yarasha bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Boshqaruv kompaniyalari aholi va kommunal tashkilot o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Bundan buyon ikki yildan oshmagan uylarda, ya’ni kafolat muddatida muammo chiqsa, pudratchi bilan birga ularni bartaraf qilishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Uy-joy kommunal soha mutasaddilariga “aholi – boshqaruv kompaniyasi – kommunal tashkilot va pudratchi” zanjirini yaratish topshirildi.

Mavzuga oid