O‘zbekiston | 10:35 / 13.07.2024
6537
2 daqiqa o‘qiladi

“Allianse Motors” mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Toshkent shahridagi “Allianse Motors” MChJ mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Avtosalon mansabdori mashina olib kelib berish haqida yolg‘on va’dalar berib, fuqarolarning 6 mlrd so‘mdan ortiq pulini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgani aniqlandi.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahridagi “Allianse Motors” MChJ mansabdorlari firibgarlikda gumonlanmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamuddinov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi avtosalon mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va boshqa moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamiyat mansabdor shaxslari 19 nafar fuqaroga avtomashina olib kelib berish haqida yolg‘on va’dalar berib, 6 mlrd 169 mln so‘m to‘lov pulini o‘zlarining ehtiyojlari uchun sarflab yuborishgani aniqlangan.

Oldinroq Kun.uz’ga murojaat qilgan bir nechta fuqaro poytaxtdagi avtosalonga pul to‘lab, mashina ololmayotganini ma’lum qilgandi.

Ular murojaatida Toshkent shahridagi “Allianse Motors” MChJ mijozlar bilan shartnoma tuzib, mashinalarni vaqtida keltirib bermagani hamda ayrimlarni esa yetkazib berilgan avtoransport vositasining hujjatini to‘g‘rilab bermasdan ovora qilayotganini bildirishgan

Statistika agentligi ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil dekabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Allianse Motors” MChJ Davlatbek Narziyevga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil mart oyi oxirida «avtomashinalarni 3 oy muddat ichida avtosalondan chiqarib, yetkazib berish»ni aytib, 74 nafar fuqaroning 6,1 mlrd so‘mlik pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan Toshkent shahridagi My Cars avtosaloni egalari qamalgandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 4 ta avtosalon egalari o‘zaro til biriktirgan holda, yuzlab odamlarning ishonchiga kirib, 200 dollar evaziga ularning nomiga kredit chiqartirgani hamda 2 oy ichida kreditni uzib berishni va’da qilgani hamda milliardlab summalarni o‘zlashtirgani aniqlandi.

 

Mavzuga oid