Jamiyat | 15:27 / 19.08.2024
7960
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda PPX inspektori kaltaklandi

Holat Bektemir tumanidagi meva bozorida sodir bo‘lgan: fuqaro to‘xtab turish taqiqlangan joydan mashinasini olishni aytgan inspektorning qonuniy talabini bajarmasdan, uni urib, tan jarohati yetkazgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimi kaltaklangani aks etgan videolavha tarqaldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat 19 avgust soat 2:00 larda Bektemir tumanidagi bozor hududida sodir bo‘lgan. Tungi xizmatga jalb qilingan Bektemir tumani IIO FMB PPX inspektori, safdor J.R. Captiva mashinasi to‘xtab turish taqiqlangan joyga qo‘yilgani holatini aniqlagan.

Boshqa transport vositalarining erkin harakatlanishiga xalaqit bergani sababli inspektor Captiva egasini chaqirtirib, mashinasini olib qo‘yishini so‘ragan. Biroq 1990 yilda tug‘ilgan Sh.A. IIO xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, unga faol qarshilik ko‘rsatgan hamda inspektorni urib, tan jarohati yetkazgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, holat yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Mavzuga oid