O‘zbekiston | 15:52 / 27.08.2024
5602
2 daqiqa o‘qiladi

To‘raqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi

Sherali Qosimov To‘raqo‘rg‘on tumanining yangi hokimi sifatida ish boshladi. Tumanning oldingi hokimi Mirbuloq tumani rahbarligiga o‘tkazilgandi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

27 avgust kuni xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.

Sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi. 

Sessiyada deputatlar Namangan viloyati hokimining Sherali Abduqahhorovich Qosimovni To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorini bir ovozdan tasdiqladi.

Sherali Qosimov 1986 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan.  2010 yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida viloyat moliya boshqarmasida turli vazifalarda ishlagan. 

Namangan tumani hokimligi moliya  bo‘limi mudiri, Namangan tumani hokimi o‘rinbosari, Davlat Aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Yangi tayinlovga qadar esa Pop tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

To‘raqo‘rg‘on tumaniga 2022 yil martidan buyon hokimlik qilib kelgan Ahror Ahmadaliyevich Mansurov joriy yilning 7 avgust kuni Mingbuloq tumani hokimi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid