Jahon | 21:02 / 30.08.2024
1993
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi davlatlarining mudofaa xarajatlari 300 mlrd yevrogacha oshdi

Yevrokomissiya raisi Ursula for der Lyayyenning ta’kidlashicha, Yevropaning «mudofaa sanoati yangi reallik tomon qadam tashlagan».

Foto: DPA

Yevropa Ittifoqiga ancha kuchli Yevropa mudofaa tayanchi kerak, NATO esa Yevropaning kollektiv mudofaa markazi bo‘lib qolishi lozim, deya ma’lum qildi Yevrokomissiya raisi Ursula for der Lyayyen.

«Biz, yevropaliklar har qanday ehtimoliy dushmanlarni tutib qolish va mudofaa uchun vositalarga ega bo‘lishimiz kerak. Biz allaqachon misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdik. A’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini (Ukrainada urush boshlanganidan beri) 200 milliard yevrodan ortiqqa oshirdi… joriy yilda qariyb 300 milliard yevroga yetdi», — deydi u Pragada o‘tkazilgan xavfsizlik bo‘yicha xalqaro konferensiyada.

Ursula for der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning «mudofaa sanoati ham yangi reallikka qadam tashlagan». «Biz ishlab chiqarish tarmoqlarini qayta tikladik. Yangi buyurtmalar berishni boshladik va byurokratik yugur-yugurlarni qisqartirmoqdamiz», — deya ta’kidlaydi Yevrokomissiya raisi.

«Ammo bu yetarli emas. Haqiqat shuki, yevropaliklar hozirgi xavfsizlik tahdidlarini jiddiy qabul qilsalar ham, mudofaa sanoatimizni qayta tashkil etish uchun vaqt va katta sarmoya kerak bo‘ladi. Maqsadimiz qit’a miqyosida mudofaa sanoatini yaratish bo‘lishi kerak», — deydi u.

Yevrokomissiya raisining ta’kidlashicha, «Markaziy Yevropa mudofaa sohasidagi yangi bozorning yetakchisiga aylanish uchun yaxshi pozitsiyaga ega».

Avvalroq Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi budjeti joriy moliyaviy yilda taxminan 20 foizga qisqartirilishi aytilgan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gap qurolli kuchlarni modernizatsiya qilishni nazarda tutuvchi budjet moddalari haqida ketmoqda. Polsha esa 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetidan mudofaa uchun rekord darajada mablag‘ — 48,7 milliard dollar ajratadi.

Mavzuga oid