O‘zbekiston | 17:00 / 01.09.2024
5757
7 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Mustaqillik bayrami Navoiy kon-metallurgiya kombinatida keng nishonlandi

Yurtimizda mustaqilligimiz o‘ttiz uch yilligi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ellik ming kishilik jamoasi, ular oila a’zolariga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Korxona bo‘linmalari joylashgan hududlarda ham bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi. “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” ezgu g‘oyasi ostida nishonlangan tadbirlarda soha fidoyilari mehnati, yutuqlari yuksak sharaflandi.

Foto: Navoiy kon-metallurgiya kombinati

Jumladan, Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona”, Zarafshon shahridagi “Qizilqum”, Uchquduq shahridagi “Lochin”, G‘allaorol tumanidagi “Marjonbuloq” o‘yingohlari, Nurobod shahridagi “Nurobod”, Zarkent qo‘rg‘onidagi “Konchi” madaniyat uylari va boshqa bo‘linmalarda bo‘lib o‘tgan tadbirlar konchilarni bir davraga jamladi. Ularda minglab ishchi-xodimlar, ularning oila a’zolari, faxriylar va aholi vakillari ishtirok etdi.

An’anaga ko‘ra, tadbirlarda soha fidoyilarining mashaqqatli mehnati yuksak e’tirof etilib, bir guruh soha ilg‘orlari O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, mahalliy hokimliklar faxriy yorliqlari, turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari, “NKMK faxriysi” unvoni, pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq, kombinat bosh geologi Sergey Rudnev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvoni, 2-gidrometallurgiya zavodi apparatchisi Abduvali Qayumov “Mehnat shuhrati” ordeni, “Muruntov” transport sexi avtosamosval haydovchisi Zokir Norov “Shuhrat” medali, “Farhod” madaniyat saroyi direktori o‘rinbosari, xonanda Sherzod Davronov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangani ulkan jamoa mehnatining yuksak e’tirofi bo‘ldi.

- O‘ttiz bir yildan buyon og‘ir yuk ko‘taruvchi karer avtosamosval haydovchisi bo‘lib ishlayman. Kasbim, ishim o‘zimga yoqadi. Inson mehnat qilsa, albatta, rohatini ko‘rarkan, - deydi Z.Norov. - Mustaqillik ayyomi mening hayotimga quvonch olib kirdi.  “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Albatta, bu e’tirof va e’tibor hamkasblarimga o‘rnak bo‘lib ishlashga, yurtga sidqidildan xizmat qilishga chorlaydi.

Ayniqsa, “Farhod”, “Oltin vodiy”, “Uchquduq”, “Konchi”, “Nurobod” madaniyat muassasalari badiiy jamoalari va san’atkorlari, jumladan, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Sherzod Davronov, “Do‘stlik” ordeni sohibi Serijan Janaxmetov, Muslima Nurimbetova, Bahodir Oltiboyev, Bashorat Rajabova, Dildora Abdiyeva va boshqa xonandalarning chiqishlari bayram tadbiriga yanada fayz bag‘ishladi. Mustaqillik, vatan, do‘stlik madhini o‘zida mujassam etgan kuy-qo‘shiqlar, mushakbozlik yurtdoshlarimizga cheksiz faxr, quvonch va shukronalik ulashdi. Zero, mustaqillik barchamizni mana shunday dorilomon kunlarga yetkazdi. Taqdiri, kelajagini o‘z qo‘li bilan yaratayotgan elimizga mana shunday bayramlar yarashadi.

Yana shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, mustaqillik arafasida ishlab chiqarish va ijtimoiy obektlarni ishga tushirish jamoada an’anaga aylangan. Eng ulug‘, eng aziz bayramga munosib tuhfa sifatida korxonasida qator obektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, 3-gidrometallurgiya zavodida ishga tushirilgan 7-tegirmon bloki ana shunday muhim obektlardan biridir. Uning yillik ishlab chiqarish quvvati bir million tonnaga tengdir. Ayni paytda keyingi bosqichdagi 8-tegirmon blokini barpo etish ishlari ham yakuniga yetkazilmoqda. Uning ishga tushirilishi zavodda ma’danni qayta ishlash quvvatini 10 million tonnaga yetkazadi. Bu ishlar “Kokpatas va Dovgistov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbati)” investitsion loyihasi asosida amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, foydalanishga topshirilgan Shimoliy kon boshqarmasi Markaziy fizika-kimyoviy laboratoriyasining yangi binosi va biolaboratoriya ham bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi. Yangi laboratoriya oyiga 10 mingdan ortiq namunalarni tahlil etish bilan birga, ishlab chiqarish hamda tadqiqot ishlari samaradorligini ta’minlash imkonini beradi.

Ishchi-xodimlarga munosib ish sharoitlari yaratish borasida ham eng ulug‘, eng aziz bayram kunlari qator ijtiomiy obektlar ishga tushirildi. Xususan, “Muruntov” konida ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida barcha qulayliklarga ega 430 o‘rinli maishiy bino, “Sharqiy” konida 250 o‘rinli yangi oshxona, “Dovgiztov” konida yangi bino foydalanishga topshirildi. 

Mustaqillik arafasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bir qator nufuzli e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. Jumladan, “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan ilk marotaba “Barqaror” prognozi bilan “VV-“ darajasidagi uzoq muddatli kredit reytingini oldi.

Ushbu agentlik tomonidan kompaniyaning kreditga layoqatlilik xususiyatlari “bb” darajasida baholanishi 2024 yil yakunlari bo‘yicha 3 million unsiyadan (Moz) ortiq oltin ishlab chiqarish kutilayotgan jahonda to‘rtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyaning moliyaviy barqarorligini aks ettiradi. Ulkan korxonamiz moliyaviy barqarorligi “Fitch Ratings” agentligi tomonidan tasdiqlanishi kompaniyaning global transformatsiyasidagi navbatdagi qadamdir. Bu ulkan korxonaning strategik rejalari va operatsion samaradorligini mustahkamlaydi. Kelajakdagi o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratadi. “Fitch Ratings” tomonidan reytingning berilishi kompaniya faoliyati muvaffaqiyatidan dalolat berib, hamkorlik va yangi moliyaviy vositalar, shu jumladan, qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali joriy etish imkoniyatlarini ochadi.

Mustaqillik bayrami arafasida kombinat yana bir e’tirofga sazovor bo‘ldi. Jumladan, korxona ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi. Mazkur sertifikat tashkilot faoliyati korrupsiyaga qarshi kurash menejmenti tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini bildiradi hamda barcha darajadagi boshqaruv apparatiga shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash yuzasidan katta mas’uliyat yuklaydi.

Shunindek, “Ma’naviyat festivali” doirasida kombinat bo‘linmalarida bayram oldidan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shohida Uzoqova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi xonandasi Saidakbar Xolmatov, IIV ansambli xonandasi Erkin Xudoyqulovlar vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar, sahna monologlari, o‘z ijod namunalarini havola etgani barchaga birdek ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligi kombinat jamoasi tomonidan mana shunday yutuq va zafarlar bilan qarshi olinib, ko‘tarinkilik bilan nishonlandi.

 “NKMK” AJ matbuot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid