Jumladan, Navoiy shahridagi “So‘g‘diyona”, Zarafshon shahridagi “Qizilqum”, Uchquduq shahridagi “Lochin”, G‘allaorol tumanidagi “Marjonbuloq” o‘yingohlari, Nurobod shahridagi “Nurobod”, Zarkent qo‘rg‘onidagi “Konchi” madaniyat uylari va boshqa bo‘linmalarda bo‘lib o‘tgan tadbirlar konchilarni bir davraga jamladi. Ularda minglab ishchi-xodimlar, ularning oila a’zolari, faxriylar va aholi vakillari ishtirok etdi.


An’anaga ko‘ra, tadbirlarda soha fidoyilarining mashaqqatli mehnati yuksak e’tirof etilib, bir guruh soha ilg‘orlari O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, mahalliy hokimliklar faxriy yorliqlari, turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari, “NKMK faxriysi” unvoni, pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.


O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq, kombinat bosh geologi Sergey Rudnev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvoni, 2-gidrometallurgiya zavodi apparatchisi Abduvali Qayumov “Mehnat shuhrati” ordeni, “Muruntov” transport sexi avtosamosval haydovchisi Zokir Norov “Shuhrat” medali, “Farhod” madaniyat saroyi direktori o‘rinbosari, xonanda Sherzod Davronov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangani ulkan jamoa mehnatining yuksak e’tirofi bo‘ldi.


- O‘ttiz bir yildan buyon og‘ir yuk ko‘taruvchi karer avtosamosval haydovchisi bo‘lib ishlayman. Kasbim, ishim o‘zimga yoqadi. Inson mehnat qilsa, albatta, rohatini ko‘rarkan, - deydi Z.Norov. - Mustaqillik ayyomi mening hayotimga quvonch olib kirdi. “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Albatta, bu e’tirof va e’tibor hamkasblarimga o‘rnak bo‘lib ishlashga, yurtga sidqidildan xizmat qilishga chorlaydi.































