Jahon | 20:36 / 12.09.2024
4526
2 daqiqa o‘qiladi

Tarixda ilk bor professional bo‘lmagan astronavtlar ochiq kosmosga chiqdi

SpaceX kompaniyasining bortida oddiy fuqarolardan iborat tijoriy missiyasi taxminan 700 kilometr balandlikka ko‘tarilib, o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Foto: Polaris Program

SpaceX kompaniyasi bortida oddiy fuqarolardan iborat Polaris Dawn tijoriy missiyasini kosmosga uchirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Missiya jamoasi taxminan 700 kilometr balandlikka ko‘tarilib, o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Qayd etilishicha, milliarder Jared Ayzekman ochiq kosmosga chiqishni amalga oshirgan tarixdagi ilk noprofessional astronvat bo‘ldi. U Polaris dasturi investorlaridan biri va missiya rahbari hisoblanadi. «Uyda ishimiz juda ko‘p, ammo bu yerdan sayyoramiz ideal olamdek ko‘rinadi», — deydi u.

Ayzekmanning ortida kosmosga SpaceX’ning astronavtlarni tayyorlash bo‘yicha mutaxassisi Sara Gillis chiqdi. Keyinroq ular o‘zlarning kosmik kemasiga muvaffaqiyatli qaytgan.

Xususan, missiya ekipaji SpaceX tomonidan ishlab chiqarilgan yangi Extravehicular Activity (EVA) skafandrlarini sinovdan o‘tkazishi kerak. Taxminlarga ko‘ra, undan Oy va Marsga amalga oshiriladigan missiyalarda foydalaniladi. Ta’kidlanishicha, EVA oldingi modellardan ko‘ra astronvatlarning erkinroq harakatlanishini ta’minlaydi, uning shlemiga esa displey va kemera o‘rnatilgan.

Professional bo‘lmagan ekipajdan iborat Crew Dragon kapsulasi 10 sentabr kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnidan uchirilgan edi. Kosmik kema bortida Jared Ayzekman va Sara Gillisdan tashqari AQSh Harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi podpolkovnigi Skott Potit va SpaceX’ning kosmik operatsiyalar bo‘yicha yetakchi muhandisi Anna Menon ham bor.

Besh kun davom etadigan missiya doirasida ular Yerdan 1,4 ming kilometrga uzoqlashadi — kosmonavtlar 1975 yilda Oyga parvozni amalga oshirgan «Apollon» kosmik dasturidan beri bu qadar uzoqqa uchmagan. Taqqoslash uchun: xalqaro kosmik stansiya Yerdan 400 kilometr balandlikda joylashgan.

Mavzuga oid