Jahon | 22:31 / 12.09.2024
3076
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Yevrokomissiyaga qarshi da’vo arizasini kiritishi mumkin

Vengriya hukumati YeIning tashqi chegaralarini qo‘riqlashga sarflangan qariyb 2 milliard yevroni undirish maqsadida Yevrokomissiyaga qarshi da’vo kiritish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Foto: AFP

Vengriya hukumati YeIning tashqi chegaralarini qo‘riqlashga sarflangan qariyb 2 milliard yevroni undirish maqsadida Yevrokomissiyaga qarshi da’vo kiritishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri administratsiyasi rahbari Gergey Guyyash ma’lum qildi.

«Biz Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlarning shengen chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha xarajatlarini qisman yoki to‘liq qoplab bergan Yevrokomissiyaga qarshi da’vo kiritishga tayyormiz. Vengriya so‘nggi yillarda shengen chegarasini qo‘riqlashga 2 milliard sarflab, YeI tomonidan deyarli hech qanaqa yordam olmadi», — deydi Guyyash.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya tomonidan 9 sentabr kuni davlat chegaralarida qo‘shimcha nazoratni o‘rnatish bo‘yicha qabul qilingan qaror YeI ichida erkin harakatlanishga to‘sqinlik qiladi.

«Avvaliga ular Yevroittifoq davlatlariga tashqi chegaralarni samarali himoyalashga ruxsat bermasdan, zarar keltirdi. Endi esa ittifoqni parchalab, ichki chegaralarga cheklovlar joriy etmoqda», — deya qo‘shimcha qiladi administratsiya rahbari.

Oldinroq Gergey Guyyash Yevropa sudining iyun oyida Vengriyaga nisbatan 200 million yevro jarima qo‘llash borasidagi qarorini tanqid qilgandi. Mamlakat YeIning boshpana taqdim etish borasidagi qoidalarini muntazam buzib kelgan. Shuningdek, Vengriya o‘z siyosatini Yevroittifoq qonunchiligiga moslamagan har bir kuni uchun qo‘shimcha 1 million yevrodan jarima to‘laydi.

Mavzuga oid