Jahon | 09:10
2363
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev noyabrda tinchlik sammiti o‘tkazish rejasidan voz kechdi

Shveytsariyadagi konferensiyadan keyingi ikkinchi tinchlik sammiti AQShdagi prezidentlik saylovlari oldidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Kiyev sammitga tayyorgarlik noyabrgacha yakunlanishi kerakligini bildirdi.

Foto: Urs Flueeler / Reuters

Ukraina bo‘yicha noyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikkinchi tinchlik sammiti bo‘lib o‘tmaydi. Shunga qaramay, noyabrgacha hamma narsa tayyor bo‘lishi kerak, dedi 8 oktyabr, seshanba kuni Ukrainaning Telegraf nashriga prezident devoni rahbarining konferensiyalarni tayyorlashga mas’ul maslahatchisi Darya Zarivnaya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy taklif qilgan tinchlik formulasining alohida bandlari bo‘yicha tematik konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Ushbu uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha kommyunikening asosiy qoidalari «ikkinchi sammitning bo‘lajak tinchlik rejasi uchun asos bo‘ladi», deb tushuntirdi u.

Shu bilan birga, so‘nggi tematik konferensiya 30-31 oktyabr kunlari Kanadada bo‘lib o‘tadi va gumanitar masalalar, xususan, harbiy asirlarni ozod qilish, ukrainalik bolalarni qaytarish masalalariga bag‘ishlanadi. Ikkinchi sammitni o‘tkazish sanasi masalasi tematik konferensiyalar yakunlangandan keyin hal qilinadi, deya qo‘shimcha qildi Zarivnaya Telegramʼda.

Kiyev Bernni XXR «tinchlik tashabbusini» qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi

Kiyev Xitoy va Braziliyaning Ukraina uchun «tinchlik tashabbusi»ni tanqid qildi va Shveytsariyani ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatlagani uchun qoraladi. «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga aniq havola bo‘lmagan va Ukrainaning hududiy yaxlitligini to‘liq tiklashni kafolatlamaydigan har qanday tashabbuslar qabul qilinishi mumkin emas, bu kabi «tinchlik tashabbuslari» faqat muloqot illyuziyasini keltirib chiqaradi, tajovuzkor o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettiradi», deyiladi Ukraina TIV 28 sentabr kuni e’lon qilgan izohida. 

Hujjatda aytilishicha, Kiyev Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan «tinchlik formulasi»ni «umumiy, adolatli va barqaror tinchlikka erishishning yagona yo‘li» deb biladi. «Ukraina uchun tinchlikka erishish yo‘llarini muhokama qilish uchun qo‘shimcha format va platformalar yaratishga hojat yo‘q. Tinchlik formulasi barcha g‘oyalarni muhokama qilish, turli qarashlar va tushunchalarni birlashtirish uchun to‘liq vositalar va mos platformalarni taqdim etadi», — deya ta’kidlaydi Ukraina TIV.

Press-relizda aytilishicha, Ukraina nuqtayi nazaridan, barcha tinchlik muhokamalari BMT Nizomiga asoslangan «Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa» tamoyilini hisobga olishi va xalqaro miqyosda Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishni o‘z ichiga olishi kerak. 

Mavzuga oid