Jamiyat | 14:09 / 11.11.2024
4570
2 daqiqa o‘qiladi

Yandex xaritalariga O‘zbekistondagi mashhur joylarning 3D modellari kiritildi

Yandex Maps navigatsiya ilovasiga Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivadagi diqqatga sazovor joylarning 27 ta uch o‘lchamli modeli qo‘shildi. Yandex Uzbekistan matbuot xizmatiga ko‘ra, bu modellar aholiga xarita bo‘ylab yaxshiroq mo‘ljal olishga yordam beradi, turistlarga esa mashhur joylar bilan tanishish va ularni turli rakurslardan tomosha qilish imkonini beradi.

Foto: Yandex Uzbekistan

Masalan, Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi, Ko‘kaldosh madrasasi va Chorsu bozorini uch o‘lchamli tasvirda ko‘rish mumkin. Buxoroda Poyi Kalon ansambli va Labi Hovuz, Samarqandda Registon maydoni va Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Xivada esa Kalta Minor me’moriy yodgorligini tomosha qilish mumkin.

Barcha modellarda arxitektura, yozuvlar, ranglar, soyalar xususiyatlari ko‘rinadi, tekstura ajralib turadi. Tungi rejim yoqilsa, chiroqlar paydo bo‘ladi. Bu bilan safarni rejalashtirayotib diqqatga sazovor joylarni virtual sayr qilish, suratga olish uchun rakurslar va sayohat uchun yo‘nalishlarni belgilab olish mumkin.

“Biz O‘zbekistonning mashhur joylarining 27 ta uch o‘lchamli modelini yaratdik va buning uchun 350 soatdan ko‘p vaqt sarfladik. Endi Yandex Maps foydalanuvchilari kerakli hududda yaxshiroq mo‘ljal olishi mumkin bo‘ladi”, – dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.

Ilovada 3D modellarni ko‘rish uchun obektni topib, uni yaqinlashtirish, yuqoridan ko‘rinayotgan rakursni yonga o‘tkazish uchun esa ekran bo‘ylab ikki barmoqni parallel harakatlantirish kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid