O‘zbekiston | 15:18
16842
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonlik tabib yana trendda – uning faoliyati haqida nimalar ma’lum?

Yaqinda qo‘qonlik tabibning uyiga shifokorlar bemor olib borgani videosi tarqalgandi. Undan keyin “Sevimli” telekanali muxbirlari tabibning mahallasiga borgani, lekin ularni ichkariga kiritishmagani haqida lavha e’lon qilindi. Bu tabib o‘zi kim, u haqida nimalar ma’lum?

Bundan 2 yil avval Kun.uz muxbiri qo‘qonlik tabib Iqboljon Soliyev faoliyati haqida surishtiruv qilgan edi. Surishtiruv davomida muxbir tabibning uyiga borgan, navbat kutayotgan bemorlar bilan gaplashgan. Bemorlar tabib ko‘rigiga bir necha kunlab navbatda turishgan, muolaja 3 kun davom etib, 300 ming so‘m to‘lashgan. Aytishlaricha, tabib hamma bemorga bir xil muolaja qiladi.

53 yoshli Iqboljon Soliyev Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida bemorlarga qo‘lini tekkizib, ularni silab davolab keladi. Uning otasi ham o‘z davrida tabiblik qilgan. Hozir Soliyevning ukasi ham tabobat bilan shug‘ullanadi. Qishloqdoshlarining aytishicha, bundan bir muddat avval tabib to‘ylarda qo‘shiq aytib yurgan. Uning ijrosidagi qo‘shiqlar mahalliy telekanallarda ham namoyish etilgan. Iqbol Soliyev hofizlik barobarida tabobat bilan ham shug‘ullanib kelgan. Lekin u paytda tabib bugungidek “mashhurlikka” erishmagan. 2022 yilda ko‘r bemorlarni davolagani, yurolmaydiganlarni yurgizib yuborgani haqida videolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylaganidan keyin uning xonadoniga mijozlar yog‘ilib kela boshlagan.

Yaqinda tabibning uyiga shifokorlar bemorni olib kelgani videosi tarqaldi. Unda suyak yemirilishi bilan kelgan bemorni tabib silab qo‘ygani va shundan keyin bemor o‘zini yaxshi his qilgani aks etgan. Darvoqe, bemor tabibning uyiga tez yordam mashinasi belgilarini eslatuvchi avtomashinada olib kelingan. Lekin Respublika tez tibbiy yordam markazi mashina 103 xizmatiga tegishli emasligini aytib, rasmiy munosabat bildirgandi.

Shu voqeadan keyin “Sevimli” telekanali muxbirlari tabibning mahallasiga borgani videosi tarqaldi. Lavhadan ko‘rinishicha, muxbirlar tabib yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ayratjon Toshpo‘latov bilan uchrashib, Soliyevning faoliyati haqida ma’lumot olgan. Rais tabibning oldin qo‘shiqchi bo‘lgani, katta stadionlarda konsertlar berganini aytib, uning tabiblik faoliyati odamlarga foyda keltirishini qo‘shimcha qilgan. “Tabib bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga manfaat keltirmas. Biroq yaqin orada yashovchilarga manfaat keltiryapti. Eng katta manfaat xalqning manfaatidir. Mehmon uyi tashkil qilishgan. “Perashki” pishirishadi, mana, tushunyapsizmi, savdolar yuradi. Men shu tomonini bizga eng katta yutuq deb o‘ylayman”, – degan u muxbir bilan suhbatda.

Iqboljon Soliyev faoliyat ko‘rsatadigan ko‘chaning boshlanishi panjara bilan to‘sib qo‘yilgan. Panjara yonida tabibning yaqinlari o‘tiradi. Ular bemordan qaysi kasallik bilan og‘rigani haqida ma’lumot so‘rashadi. Muxbirning aytishicha, tabibning yaqinlari ruxsatnomasi yo‘qligi uchun uni ko‘chaga kiritishmagan. Lavhadan muxbir tabib huzuridan chiqqan 2 kishi bilan gaplashgani ko‘rinadi. Ular tabibdan hech qanday shifo topmagani haqida gapirgan.

O‘zbekiston xalq tabobati birlashmasi vakillari tabibga ruxsatnoma berilgani va uning faoliyati monitoring qilinishini aytgan bo‘lsa, O‘zbekiston tabobat akademiyasidagi mutaxassis Iqboljon Soliyevning faoliyatini oqlamagan. “Ilgari ro‘yxatga olgan edik. Keyin men gapirmaganlarni gapirtiraman, yurmaganlarni yurizaman dedi. Uni Toshkentga chaqirdim. Toshkentga chaqirib, gapirolmay qolgan, insult bo‘lgan odamni gapirtir, dedim. U u yoqqa, bu yoqqa yurib, gapirtirolmadi, bor yo‘qol, toshingni ter, dedim”, – degan muxbir bilan gaplashgan mas’ul.

Lavhadan ko‘rinishicha, muxbirlar borgach, ko‘chani to‘sib qo‘ygan panjaralar, kameralar olib tashlangan, navbat kutayotgan bemorlar tarqatib yuborilgan.

Mavzuga oid