Jahon | 13:02
631
2 daqiqa o‘qiladi

UNRWA G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berishni to‘xtatdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentligi G‘azo sektoriga tez-tez sodir bo‘ladigan o‘g‘irliklar, talon-toroj etishlar va xodimlarning «misli ko‘rilmagan» halok bo‘lishi sababli insonparvarlik yordami yetkazib berish to‘xtatilganini e’lon qildi.

Foto: Amir Cohen/REUTERS

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) o‘g‘irlik va transportni olib qochish holatlari ko‘paygani sababli G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qildi. UNRWA «qiyin qaror»ni 1 dekabr, yakshanba kuni e’lon qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 16 noyabr kuni gumanitar yordam olib ketayotgan yuk mashinalari karvoni qurolli to‘dalar tomonidan olib qochilgan. 30 noyabr kuni ham xuddi shunday hodisa yuz berdi: bir nechta oziq-ovqat tashuvchi mashinalar olib qochildi. «Gumanitar yordam xodimlari va yuklarini himoya etish mas’uliyati okkupatsiya qilayotgan davlat sifatida Isroil zimmasida. Ular G‘azo sektoriga yordamning xavfsiz oqimini ta’minlashi kerak», — deya ta’kidlaydi UNRWA.

«Misli ko‘rilmagan sondagi» UNRWA xodimlari gumanitar yordam yetkazish paytida halok bo‘ldi

Agentlik matbuot kotibi Luiza Uoterijning Al Jazeera telekanaliga aytishicha, Isroildan G‘azo sektoriga insonparvarlik yuklarining asosiy kirish nuqtasi bo‘lgan «Kerem-Shalom» o‘tish joyi orqali yordam yetkazilishi chog‘ida «misli ko‘rilmagan ko‘p hamkasblar halok bo‘lgan». «Ushbu qaror faqat konvoylarga xizmat qilayotgan gumanitar xodimlarni himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash uchun qabul qilingan», dedi Uotridj.

Gumanitar yordamning to‘xtatilishi G‘azo sektoridagi ocharchilik bilan bog‘liq vaziyat «tezlik bilan yomonlashib borayotgan» bir vaqtda sodir bo‘lmoqda, dedi UNRWA rahbari Filipp Lazzarini. Uning ta’kidlashicha, G‘azo sektoriga gumanitar yuklarni yetkazib berishning iloji yo‘qligi, xususan, «Isroil hukumati to‘siqlari» bilan bog‘liq.

Mavzuga oid