Jahon | 20:37 / 05.12.2024
2914
2 daqiqa o‘qiladi

Makron Fransiya hukumatini iste’foga chiqardi

4 dekabr kuni Fransiya Milliy majlisi Mishel Barne boshchiligidagi vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik bildirgan edi. 574 deputatdan 331 nafari bu qaror uchun ovoz berdi.

Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron parlament tomonidan bildirilgan ishonchsizlik votumidan keyin bosh vazir Mishel Barnening hukumat iste’fosi haqidagi iltimosini qabul qildi. Barne yangi bosh vazir tayinlangunga qadar lavozimda qoladi. Zamonaviy Fransiya tarixida ilk bor bosh vazir o‘z lavozimida uch oydan kamroq ishladi.

«Bugun bosh vazir respublika prezidentiga o‘z hukumatining iste’fosi bo‘yicha iltimosnoma kiritdi va u qabul qilindi. Mishel Barne hukumat a’zolari bilan birga yangi hukumat tayinlangunga qadar joriy ishlar bilan shug‘ullanib turadi», — deyiladi Yelisey saroyi xabarida.

4 dekabr, chorshanba kuni Fransiya Milliy majlisi Mishel Barne boshchiligidagi vazirlar mahkamasiga ishonchsizlik bildirdi. 574 deputatdan 331 nafari bu qaror uchun ovoz berdi. Bundan uch kun oldin bosh vazir konstitutsiyaning 49.3 moddasidan foydalangan holda (bu parlamentdagi ovoz berish jarayonlarini chetlab o‘tgan holda qonun qabul qilishga ruxsat beradi) 2025 yil uchun ijtimoiy sug‘urta budjetini qabul qilgan edi.

Mishel Barne Makronning ikkita prezidentlik muddati davomida almashgan beshinchi bosh vazir — undan oldin Eduard Filipp, Jan Kasteks, Elizabet Born va Gabriel Attal ushbu lavozimda ishladi.

Mishel Barne o‘ng markazchi Respublikachilar partiyasi vakili. Siyosiy faoliyati davomida u Fransiyada ham, Yevropa Ittifoqi tuzilmalarida ham turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2016 yildan 2019 yilgacha u Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi shartlari bo‘yicha muzokaralarga rahbarlik qilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentabr oyida 73 yoshli konservativ siyosatchini mamlakat bosh vaziri lavozimiga tayinlagan edi. «Makron unga mamlakat va fransuz xalqiga xizmat qiladigan birlashtiruvchi hukumat tuzishni topshirdi», — deyilgan edi o‘shanda Yelisey saroyi xabarida.

Mavzuga oid