Jahon | 16:46
1851
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini qabul qildi

Sanksiyalar ro‘yxatidan 54 nafar jismoniy shaxs va 30 ta yuridik shaxs o‘rin oldi. Ular orasida KXDRning yuqori martabali ikki amaldori ham bor.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi iqtisodiy va individual sanksiyalarning 15-paketini qabul qildi. Bu haqda YeI kengashi sayti orqali xabar qilindi.

«Ushbu chora-tadbirlar Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tish muammosini hal qilishga va Putinning soyadagi floti hamda Rossiya harbiy-sanoat kompleksini zaiflashtirishga qaratilgan», — deyiladi xabarda.

Sanksiyalar ro‘yxatidan 54 nafar jismoniy shaxs va 30 ta yuridik shaxs o‘rin oldi. Ular orasida Kiyevdagi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga berilgan zarbaga mas’ul harbiy bo‘linma, energetika kompaniyalarining top-menejerlari, KXDRning yuqori martabali ikki amaldori ham bor.

Bundan tashqari, Rossiyaning soyadagi flotiga bog‘liq mudofaa korxonalari va kemasozlik kompaniyalariga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llandi. Sanksiyalar ro‘yxatidan Rossiya neftini tashish bilan shug‘ullangan uchta mamlakatning 52 ta tankeri o‘rin oldi. Shu bilan birga Rossiyaga ikkilamchi maqsadli tovarlarni yetkazib berishga aloqador Xitoy, Hindiston, Eron, Serbiya va BAAning 32 ta kompaniyasiga ham cheklovlar qo‘llandi.

YeI kengashi xabarida ta’kidlanishicha, Yevroittifoq Xitoydagi turli o‘yinchilarga nisbatan birinchi marta «to‘laqonli» (safarlariga taqiq, aktivlarining muzlatilishi va iqtisodiy resurslar taqdim etilishiga taqiq) sanksiyalar joriy etgan.

Bundan tashqari, YeI kengashi Yevropa Ittifoqida sanksiyalarga bog‘liq Rossiya arbitraj sudlari chiqargan qarorlarni tan olmaslik va bajarmaslikni belgiladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketi 2024 yil iyunida ma’qullangan edi. Ushbu paket bilan Rossiya suyultirilgan gazining Yevropa portlari orqali tranzitiga cheklovlar kiritgan va uchinchi mamlakatlarda «shu’ba» korxonalari bo‘lgan kompaniyalarga ikki tomonlama maqsadlarga mo‘ljallangan texnologiyalarni Rossiyaga qayta eksport qilishga ruxsat bermaslik majburiyatini yuklagan edi.

Mavzuga oid