O‘zbekiston | 18:24 / 20.01.2025
9449
1 daqiqa o‘qiladi

Bandlik vaziriga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Prezident administratsiyasida shu’ba mudiri bo‘lib ishlab kelgan Marat Jo‘rayev kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Avvalroq bu lavozimga tayinlangan Zafar Azimov uch haftaga bormay boshqa ishga o‘tkazilgandi.

Marat Jo‘rayev / Foto: Bandlik vazirligi

Marat Yo‘ldoshevich Jo‘rayev kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Jo‘rayev tayinlovga qadar Prezident administratsiyasining bank sohasi, moliya bozori va moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish shu’basi mudiri lavozimida ishlagan.

Bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga 2024 yil 11 dekabr kuni Xalq banki raisining o‘rinbosari bo‘lgan Zafar Azimov tayinlangan, lekin ko‘p o‘tmay, dekabr oyi oxirida u Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgandi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimida 2024 yil 23 sentabrdan buyon Botir Zohidov faoliyat olib bormoqda.

Mavzuga oid