Jahon | 15:56 / 02.02.2025
2966
3 daqiqa o‘qiladi

Kanada va Meksika AQSh importiga javob bojlarini joriy etadi

AQSh Kanada va Meksika tovarlariga 25 foizli, Xitoy importiga esa 10 foizli bojlarni joriy etdi. Jastin Tryudo va Klaudiya Sheynbaum Trampning bu kabi qaroriga javob qaytarilishini ma’lum qildi. Xitoy esa JSTga shikoyat qilishini bildirdi.

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada va Meksikadan import qilinadigan tovarlar uchun 25 foizli, Xitoy importiga esa 10 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi.

Oq uy saytiga joylashtirilgan hujjatda keltirilishicha, Kanada energiya tashuvchilariga nisbatan pastroq tarif qo‘llanadi — 10 foiz. Bojlar «Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiya, zaharli fentanil hamda boshqa narkotiklarning AQShga kelishini to‘xtatish borasidagi va’dasini bajarishga majburlash» zarurati tufayli joriy etilgan.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bunga javoban o‘zining iqtisodiyot vaziriga «mamlakat manfaatlari himoyasi uchun tarif va notarif choralarni o‘z ichiga olgan B rejani amalga oshirishni» buyurgan. U muammolar «tariflarni joriy etish yo‘li bilan emas, muzokara va muloqotlar orqali» hal etilishini qo‘shimcha qilib, Trampga jamoat sog‘lig‘ini saqlash hamda xavfsizlik sohasidagi mutaxassislar ishtirokida ishchi guruh tuzish taklifini berdi.

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham AQShdan import qilinadigan 155 milliard dollarlik mahsulotlarga 25 foizli javob bojlari joriy etilishini e’lon qildi. Mazkur tariflar alkogol, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzallar, maishiy texnika, mebel, yog‘och materiallari va boshqa tovarlarga nisbatan qo‘llanadi. Tryudoning aytishicha, Trampning harakati «ularni birlashtirish o‘rniga ajratib yuborgan». Shuningdek, u Kanada qo‘shinlari Afg‘onistonda amerikaliklar bilan birga jang qilgani, inqirozlar vaqtida yordam berganini eslatib o‘tgan. Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada tovarlariga boj joriy etsa, mamlakat bunga «keskin» javob qaytarishini ta’kidlagandi.

Xitoy Savdo vazirligi bojlarning joriy etilishi Jahon savdo tashkiloti qoidalarini «jiddiy buzishini» ma’lum qilib, JSTga shikoyat qilishlarini va «tegishli qarshi choralar» ko‘rilishini va’da qildi. Aynan qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritilmagan.

Фозилбек Юсупов
Tayyorlagan Фозилбек Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid