Jahon | 12:02 / 24.02.2025
4904
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Germaniyadagi saylovlarning dastlabki natijalariga munosabat bildirdi

«AQSh kabi Germaniya xalqi ham shuncha yillardan beri hukm surayotgan bema’ni kun tartibidan, ayniqsa energiya va migratsiya masalalaridan charchagan», - deb yozdi Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniya Bundestagiga saylovning dastlabki natijalariga munosabat bildirdi. Saylovda Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) bloki 28,5 foiz ovoz to‘pladi. Oq uy rahbari o‘z izohini 23 fevral, yakshanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

«Aftidan, Germaniyadagi konservativ partiya juda muhim va uzoq kutilgan saylovda g‘alaba qozondi», deb yozdi Amerika yetakchisi. «Qo‘shma Shtatlar kabi Germaniya xalqi ham ko‘p yillar davomida hukm surayotgan bema’ni kun tartibidan, ayniqsa energiya va migratsiya masalalaridan charchagan», deb qo‘shimcha qildi Tramp.

U 23 fevralni Germaniya va AQSh uchun — o‘zi rahbarligidagi «buyuk kun» deb atadi. «Hammani tabriklayman — oldinda hali ko‘p g‘alabalar bor», — deya xulosa qildi Amerika davlati rahbari.

Avstriyaning hukmron partiyasi bosh kotibi Mersni tabrikladi

Ayni paytda hukmron Avstriya Xalq partiyasi (AXP) bosh kotibi Kristian Shtoker ham XDI/XSIdan kanslerlikka nomzod Fridrix Mersni tabrikladi.

«Avstriya kabi Germaniya ham ko‘plab muammolarga duch kelmoqda va shunday paytda qat’iy harakat qilish va biznes mavqeini mustahkamlash zarur. Fridrix Mersning saylovdagi g‘alabasi demokratik markazning ham g‘alabasidir», deb ta’kidladi Avstriyaning ehtimoliy bo‘lajak kansleri.

«Men XDI/XSIni ushbu ajoyib natija bilan chin qalbimdan tabriklayman va partiyamiz oilasi doirasidagi hamkorlikni intiqlik bilan kutaman», deb qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid