Iqtisodiyot | 12:29 / 03.03.2025
3069
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston to‘qimachilik korxonasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihani amalga oshiradi

O‘zbekiston delegatsiyasi  Pokistonning Karachi shahriga tashrifi davomida Union Fabrics to‘qimachilik kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Foto: "Dunyo" AA

Korxonaning mato ishlab chiqarish, unga bo‘yoq berish, gul tushirish va savdoga yuborish bilan bog‘liq ishlab chiqarish jarayonlari joyida o‘rganildi.

Shundan so‘ng, mamlakat delegatsiyasi ishtirokida O‘zbekistonda Home Textile (uy tekstili) va boshqa turdagi to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston tomoni mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha sharoitlarni, jumladan, binolar bilan ta’minlash va soliq imtiyozlarini ajratishga tayyor ekanligini bildirdi. Kompaniya rahbari Shoayb Dalal, o‘z navbatida, uy tekstili mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, 50 ta sanoat tikuv mashinalari o‘rnatilgan korxona tashkil etish bo‘yicha loyihani texnik jihatdan o‘rganib, tez fursatlarda tegishli ma’lumotlarni taqdim qilishi aytdi.

Uchrashuv davomida tayyor mahsulotlarni yetkazib berish va transport-logistika sohalarida hamkorlik qilish, mavjud mahsulotlarni sotish, xomashyo ta’minoti masalalari bo‘yicha tomonlarning takliflari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar, shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlarining turlarini ko‘paytirish orqali ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va yangi tovarlar hisobiga eksport-import munosabatlarini jadallashtirish borasida aniq kelishuvga erishdi.

Muzokaralar yakunida Union Fabrics ishtirokida O‘zbekistonda uy tekstili yo‘nalishida qo‘shma loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid