Jahon | 12:03 / 14.03.2025
3362
2 daqiqa o‘qiladi

IHeS Ukrainani 2014 yil mayida Odessadagi odamlar o‘limida qoraladi

Ukraina hukumati 2014 yil 2 may kuni Odessadagi zo‘ravonliklarning oldini ololmagan yoki to‘xtata olmagan, deya qaror qildi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi. U Kiyevni 115 ming yevro miqdorida jarimaga tortdi.

Foto: Jean-Francois Badias/dpa/picture alliance

Ukraina hukumati 2014 yil may oyi boshida Odessadagi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar chog‘ida o‘lim holatlarining oldini ololmagan, deya qaror qildi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS). O‘t o‘chiruvchilar, politsiya va Ukrainaning boshqa idoralari zo‘ravonliklarning oldini olish yoki to‘xtatmaslik hamda yonib ketgan Kasaba uyushmalari uyidagi odamlarni qutqarish uchun qo‘lidan kelgan ishni qilmagani tufayli Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa konvensiyasini buzgan, deb qaror qildi Strasburgdagi sud 13 mart, payshanba kuni.

Bundan tashqari, ushbu hodisalar yuzasidan samarali tekshiruv tashkil etilmagan va o‘tkazilmagan, deyiladi qarorda. Sudyalar bir ovozdan Ukraina inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining yashash huquqini mustahkamlovchi 2-moddasini buzgan, degan xulosaga kelishdi. Bir arizachiga nisbatan shaxsiy va oilaviy hayotni hurmat qilish huquqi to‘g‘risidagi 8-modda buzilganligi aniqlandi.

Jami jarima deyarli 115 ming yevroni tashkil etadi

Ukraina da’vogarlarga jami 114,7 ming yevro to‘lashi kerak. Jamoaviy da’vo 28 nafar jabrlanuvchi va halok bo‘lganlarning yaqinlari tomonidan qo‘zg‘atilgan.

2014 yil 2 may kuni Odessada yuz bergan ommaviy tartibsizliklar va yong‘inlar chog‘ida 48 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Fojia qurbonlarining aksariyati yonib ketgan Kasaba uyushmalari uyida bo‘lgan, unga molotov kokteyllari tashlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaparast va yevropaparast faollar o‘rtasida ommaviy tartibsizliklar va to‘qnashuvlar avvaldan rejalashtirilgan va uyushtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid