O‘zbekiston | 16:19 / 04.04.2025
2117
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand iqlim forumi va uning O‘zbekiston uchun ahamiyati qanday bo‘ladi?

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ekologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqaviy bitim va kelishuvlar imzolanishi kutilyapti. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va ekologik inqiroz sabablari va ularning yechimlari bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Joriy yil 4-5 aprel kunlari Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo ekologik muammolarga duch kelmoqda: barqaror rivojlanish va farovonlik uchun mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» mavzusida birinchi xalqaro iqlim forumi o‘tkaziladi. Mazkur forum nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqlim muammolariga yechim topish, balki mintaqaviy ekologik muammolarga hamkorlikni kuchaytirish orqali aniq amaliy takliflar ishlab chiqish bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 Forumning O‘zbekiston uchun ahamiyati

 Bugungi kunga kelib O‘zbekiston mintaqadagi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim qadamlarni tashlab kelmoqda. Samarqand iqlim forumi O‘zbekistonga bir qator afzalliklar taqdim etadi. Xususan:

  • forum O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro ekologik masalalarda yetakchi davlat ekanini ko‘rsatadi. Bu esa butun dunyo davlatlari, ekologik tashkilotlar, shuningdek, tashqi investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchini oshiradi;
  • mazkur forum davomida O‘zbekiston o‘zining «yashil iqtisodiyot» bo‘yicha strategiya va dasturlarini namoyon qiladi hamda ilg‘or rivojlangan xorijiy davlatlar mutaxassislari bilan tajriba almashadi;
  • Samarqandda xalqaro darajadagi forum o‘tkazilishi shaharga sayyohlar oqimini oshirish va iqtisodiy rivojlanishga turtki berishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari, 80 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etishi kutilmoqda.

 Forumning Markaziy Osiyo davlatlari uchun ahamiyati

Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlar ham iqlim o‘zgarishidan jiddiy jabr ko‘rmoqda. Jumladan, ushbu mintaqada yaylovlar qurib borayotgani, suv resurslarining tobora kamayib, tanqis bo‘layotgani va chang bo‘ronlari bu muammolarning aniq misollari hisoblanadi.

Mazkur forum quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ahamiyatli hisoblanadi:

Mintaqadagi hamkorlikni kuchaytirish – Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishlari va ekologiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishlari kutilmoqda.

Muammolarni kompleks tahlil qilish – Forumda iqlim o‘zgarishi va ekologik inqiroz sabablari va ularning yechimlari bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi.

Yangi texnologiyalarni joriy etish – Xalqaro mutaxassislar tomonidan taklif etiladigan yangi ekologik texnologiyalar mintaqaviy muammolarga barqaror yechimlar topishda yordam beradi.

 Sammit kun tartibida muhokama qilinadigan asosiy masalalar

  • suv resurslarini tejamkorlik bilan ishlatish – irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va mintaqaviy suv siyosatidagi hamkorlikni kuchaytirish;
  • yashil energetikaga o‘tish – quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish orqali ekologik sof energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish;
  • cho‘llanishga qarshi kurash – o‘rmonlarni qayta tiklash, sholipoya va ekologik to‘siqlar yaratish orqali cho‘llanish jarayonlarini sekinlashtirish;
  • ekologik savodxonlikni oshirish – ushbu forumda ekologik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ham muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

Forumdan kutilayotgan natijalar

Samarqand iqlim forumi o‘tkazish orqali quyidagi natijalarga erishish maqsad qilingan:

Eng avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ekologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqaviy bitim va kelishuvlar imzolanadi. Shuningdek, forum davomida xalqaro tashkilotlar va investorlar bilan ekologik loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha ham kelishuvlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, forum natijasida hukumatlar iqlim o‘zgarishi va ekologiyaga oid yangi strategiyalarni qabul qilishlari kutilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu sammit xalqaro va mahalliy olimlar hamkorligida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqilishi hamda keng jamoatchilikni mintaqadagi ekologik muammolar va ularning yechimlari haqida ko‘proq ma’lumot berishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Samarqand forumining yakuniy hujjati – «Yashil» rivojlanishning Mintaqaviy konsepsiyasi taqdimoti rejalashtirilgan bo‘lib, u iqlim o‘zgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona mintaqaviy qarashlarini shakllantirishga asos soladi.

 Sherzod Zokirov, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid