Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eron o‘z yadroviy dasturi bo‘yicha XAEA bilan hamkorlikni to‘xtatdi
Endi Eron XAEA vakillariga o‘z yadroviy obektlariga kirishga va videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga ruxsat bermaydi.
Eron Xalqaro atom energiyasi bo‘yicha agentlik (XAEA) bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Bu haqdagi qonunni Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon imzoladi.
Eronning XAEA bilan hamkorlikni to‘xtatib turish haqidagi qonun loyihasi 25 iyun kuni Eron parlamenti tomonidan, ertasi kuni Eron Konstitutsiyasi qo‘riqchilari kengashi tomonidan ma’qullandi.
Endi Eron XAEA direktori Rafael Grossiga o‘z yadroviy obektlariga tashrif buyurishga va videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga ruxsat bermaydi. Eron buni o‘z yadroviy inshootlari xavfsizligi ta’minlanmaguncha amalga oshirishga va’da berdi.
Grossi so‘zlariga ko‘ra, Isroil bilan so‘nggi keskinlashuv vaqtida Eron yadroviy infratuzilmasi qisman shikastlangan, biroq Tehron bir necha oy ichida uranni boyitish salohiyatini tiklashga qodir.
Eron 1970 yilda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilgan va 1974 yilda XAEA bilan shartnoma imzolagan. 1979 yilgi Islom inqilobidan so‘ng, dastur muzlatib qo‘yilgan, biroq keyinchalik yadroviy qurol yaratish borasida bir necha bor gumon qilinganiga qaramay, qayta tiklangan.
2003 yilda XAEA Tehronning uranni boyitayotgani haqidagi faktlarni oshkor qildi. Bu qo‘shimcha protokol imzolanishiga va dasturning vaqtincha qisqartirilishiga olib keldi. Biroq, boyitish 2005 yilda qayta boshlandi. Shundan so‘ng, 2006 yilda Eronga qarshi sanksiyalar joriy etildi.
2015 yilda Eron va olti yetakchi davlat yadroviy faoliyatga cheklovlar evaziga sanksiyalarni bekor qilishni nazarda tutuvchi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini imzoladi. Qo‘shma Shtatlar 2018 yilda kelishuvdan chiqdi, shundan so‘ng Tehron yana yadroviy dasturini rivojlantirishni kuchaytirdi.
2021 yildan boshlab Eron XAEA tekshiruvlarini cheklab qo‘ydi va uranni qurol darajasiga yaqinlashadigan darajada boyitishni boshladi. AQSh Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklashga urindi, ammo urinishlar muvaffaqiyatsiz tugadi. 2025 yil iyun oyida avvaliga Isroil, keyin AQSh Eronning yadro inshootlariga zarba berdi.