Jahon | 15:38 / 07.07.2025
2308
2 daqiqa o‘qiladi

Bild: Kiyev Germaniyadan milliardlab yevrolik qurol-yarog‘ so‘rayapti

Ukraina Berlinga zarur bo‘lgan qurollarning maxfiy ro‘yxatini berdi, deb da’vo qilmoqda Bild. Bularga havo hujumidan mudofaa tizimlari, himoyalangan transport vositalari va REK uskunalari kiradi.

Foto: Chris Emil Janßen/picture alliance

Ukraina Rossiya tajovuziga qarshi mudofaasini davom ettirish uchun Germaniyaga Berlindan olmoqchi bo‘lgan qurollar ro‘yxatini berdi. Ularning umumiy qiymati bir necha milliard yevro bilan o‘lchanadi, deb yozadi Germaniyaning Bild gazetasi 6 iyul, yakshanba kuni. Uning ta’kidlashicha, Kiyevning ro‘yxati maxfiy bo‘lib, uch toifani qamrab oladi: havo mudofaasi, himoyalangan transport vositalari va radioelektron kurash. Xususan, gap to‘rtta yangi Iris-T havo mudofaa tizimi haqida boryapti. Bundan tashqari, Kiyev so‘rovi Iris-T SLM o‘rta masofali havo mudofaa tizimi uchun 1500 ta boshqariladigan raketa va Iris-T SLS qisqa masofali havo mudofaa tizimi uchun 500 ta boshqariladigan raketaga tegishli. Rossiya dronlaridan himoyalanish uchun Ukraina 200 mingta 40 mm kalibrdagi zenit o‘q-dorilarini olmoqchi. 

«Himoyalangan transport vositalari» toifasiga minadan himoyalangan 1000 ta avtomobil va turli modifikatsiyadagi 200 ta mashinalar kiradi. Bundan tashqari, Ukraina Germaniya kansleri Fridrix Mers hukumatidan minalarga chidamli 30 ta tank va 20-30 ta Wisent minadan tozalash zirhli mashinasini olmoqchi. Tahririyatda mavjud ekani taxmin qilinayotgan ro‘yxatga ko‘ra, Kiyev maxsus topshiriqli kuchlarni tashish uchun 200 ta yo‘ltanlamas ham so‘ragan.

Bild nashri xabariga ko‘ra, Ukraina REK vositalaridan dronlardan himoyalanish uchun 1000 ta GPS-to‘xtatuvchini, shuningdek nishonlarni kuzatish va qayd etish uchun 200 ta mobil yerusti radarlarini olishga intilmoqda.

Jurnalistlarning eslatishicha, Mers hukumati hokimiyatga kelganidan so‘ng, Ukrainaga Germaniyadan harbiy yordam yetkazib berish masalasi maxfiylashtirildi — Berlin buni Kreml ushbu ma’lumotlarni olmasligi kerakligi bilan tushuntirdi. O‘z navbatida, tanqidchilar bu qadam yetkazib berishdagi kechikishlarni yoki ularning yo‘qligini yashirishga qaratilgan deb hisoblaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid