Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Latviya Germaniyaning YeI va NATOdagi roli kuchayganini olqishladi
Ukrainada davom etayotgan urush va Rossiya tahdidi fonida Germaniya Yevropa xavfsizligi uchun mas’uliyatni ko‘proq o‘z zimmasiga olishi to‘g‘ri bo‘lardi, deydi Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs.
Mavjud geosiyosiy vaziyat va Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘rt yildan beri davom etayotgan urushi fonida Germaniyaning umumiy Yevropa xavfsizligini ta’minlashdagi rolini oshirish to‘g‘ri qarordir. Bu fikrni Latviya prezidenti Edgars Rinkevichs 8 iyul, seshanba kuni Rigada jurnalistlar bilan suhbatda bildirdi.
«Germaniya Yevropaning barqudrat davlati va iqtisodiy markazidir. Shuning uchun u Yevropaning mudofaa va xavfsizlik siyosatida muhimroq rol o‘ynashi zarur. Buni olqishlash kerak», — deya Latviya davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi dpa agentligi.
Germaniya amaldagi hukumatining Bundesverning qurollanishini yaxshilash va uni an’anaviy qurollar bo‘yicha Yevropadagi eng kuchli armiyaga aylantirish bo‘yicha rejalari Latviya hukumatini o‘ylantirmayapti. «Germaniya o‘nlab yillar davomida o‘zining siyosatini, G‘arb qadriyatlariga tayangan holda demokratik huquqiy davlat ekanini ishonchli isbotlab keldi. Shuning uchun bu meni umuman o‘ylantirmaydi», deb tushuntirdi Rinkevichs jurnalistlardan birining savoliga javob berar ekan. «Men Germaniya qurolli kuchlarining rivojlanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Bu butun Yevropa xavfsizligi manfaatlariga mos keladi», — deya ta’kidladi u.
Edgars Rinkevichs 8 iyul kuni Rigada Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashadi. Ularning suhbati asosiy mavzulari Germaniya va Latviya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, Rossiya bilan chegaradosh va ayni paytda NATOning sharqiy qanotini tashkil etuvchi Boltiqbo‘yi davlatlaridagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat bo‘lishi kutilmoqda.
«Eng katta umumiy muammolar, albatta, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi va Rossiyadan kelib chiqadigan Yevropa xavfsizligiga tahdiddir», deb tushuntirdi Rinkevichs. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqining xavfsizligi, mudofaasi va raqobatbardoshligini «sezilarli» yaxshilash kerak. «Biz buni faqat birgalikda, shu paytgacha qilganimizdan ko‘ra ko‘proq qilishimiz mumkin», deb ta’kidladi Latviya prezidenti.
Mavzuga oid
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026