Jahon | 07:53 / 19.07.2025
2464
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina yana halok bo‘lgan askarlar jasadini almashdi

Putinning yordamchisi Medinskiyga ko‘ra, Moskva 1000 nafar halok bo‘lgan ukrainalik askarning jasadini Kiyevga topshirgan, 19 nafar rus askarining jasadini qabul qilib olgan. Ukraina yana 1000 qurbonning jasadi qaytarilganini tasdiqladi.

Foto: Narciso Contreras/Anadolu/picture alliance

Rossiya prezidenti yordamchisi va Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Moskva va Kiyev halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini almashganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga 1000 nafar ukrainalik askarning jasadini, Ukraina esa Rossiyaga halok bo‘lgan 19 nafar rus askarining jasadini topshirgan.

Ukraina yana 1000 nafar halok bo‘lgan ukrainalik askarning jasadlari olinganini tasdiqladi. «Rossiya tomoniga ko‘ra, jasadlar Ukraina fuqarolariga, xususan, harbiy xizmatchilarga tegishli. Huquq-tartibot idoralari tergovchilari Ichki ishlar vazirligining ekspert muassasalari bilan birgalikda barcha zarur ekspertizalarni o‘tkazadi va repatriatsiya qilingan jasadlar shaxsini aniqlaydi», — deyiladi Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab xabarida.

Unda halok bo‘lgan 19 nafar rus askarining jasadlarini Rossiyaga topshirish haqida aytilmagan.

2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Rossiya va Ukraina og‘ir yaralangan askarlar va 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, urushda halok bo‘lgan 6 ming harbiy xizmatchining jasadini bir-biriga topshirishga kelishib oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid