Jahon | 08:31 / 29.07.2025
2305
2 daqiqa o‘qiladi

Vuchich rejissyor Kusturitsani davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich uni hokimiyatdan ag‘darmoqchi bo‘lganlarni sanab, boshqalar qatorida mamlakat hukumatini tanqid qiluvchi rejissyor Emir Kusturitsa nomini ham tilga oldi.

Foto: TASS / YeRA / OLIVIER HOSLET / KHALED ELFIQI

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning aytishicha, uning vatandoshi, rejissyor va musiqachi Emir Kusturitsa Serbiya muxolifati vakillari bilan birgalikda uni davlat rahbari lavozimidan ag‘darishga urinmoqda. «Bu bema’nilik nimaga olib kelganiga qarang — ularning barchasi birgalikda: Dinko Gruxonich (Novi Sad universiteti o‘qituvchisi), Kusturitsa, Chanak (muxolif siyosatchi Nenad Chanak) va Lompar (Belgrad universiteti o‘qituvchisi Milo Lompar). Ularning maqsadli farqi yo‘q, bunda umumiy nishon bor - Vuchich, uni ag‘darish kerak va bu ularning dasturi, boshqa dastur yo‘q», — deya Serbiya prezidentidan iqtibos keltiradi Rossiyaning «RIA Novosti» agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha siyosiy raqiblari hech qanday dasturga ega emas va Serbiyaga nima kerakligini va uning xalqi nimani xohlashini tushunmaydi, deb yozadi agentlik.

Qayd etilishicha, Emir Kusturitsa avval ham Serbiyadagi ommaviy norozilik namoyishlarida qatnashgan va hozirda mamlakat konstitutsiyasini buzganlikda ayblanayotgan «Belgrad va Ujitsadagi siyosiy mahbuslar»ning ozod etilishini qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, rejissyor 23 iyul kuni soliq xizmati tomonidan o‘zining "Drvengrad" sayyohlik majmuasida joylashgan "Viskonti" restoranini yopib qo‘ygani uchun Vuchich va bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Sinisha Mali boshchiligidagi rasmiylarga kinoya bilan «minnatdorchilik» bildirdi.

Rejissyor Emir Kusturitsa Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini ochiq qo‘llab-quvvatladi, u boshlanganidan so‘ng Kreml targ‘iboti formatida bir qancha asarlarni nashr etdi va 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan shaxsan Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tabrik oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid