Jahon | 08:53 / 11.08.2025
4364
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shinlari Zaporijjya shahri avtovokzaliga aviabomba tashladi

19 kishi jarohatlandi, yettita ko‘p qavatli uy va noturar joy ham shikastlandi.

Foto: Telegram / ivan_fedorov_zp

Rossiya qo‘shinlari 10 avgust kuni Ukrainaning Zaporijjya shahriga aviabombalar tashladi, oqibatda 19 kishi jarohat oldi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi boshqariladigan aviabombalar (KAB) bilan ikkita zarba bergan. Zarbalardan biri ichida odamlar bo‘lgan avtovokzalga berilgan. Jabrlanganlarning ahvoli asosan o‘rtacha og‘irlikda. Yana bir zarba Zaporijjya tibbiyot universiteti klinikasiga berilgan. Fedorov aytganidek, u yerda jabrlanganlar yo‘q.

Zarbalar oqibatida yettita ko‘p qavatli uy va noturar joy ham shikastlandi, deb aniqlik kiritdi Fedorov.

Volodimir Zelenskiy kechki murojaatida Zaporijjyaga berilgan zarbani qoraladi. «Hamma Rossiyaning tinchlik sari haqiqiy qadami, yerda yoki havoda hayotni saqlab qolishi mumkin bo‘lgan birorta ham qadami yo‘qligini ko‘rmoqda. Shuning uchun sanksiyalar kerak, bosim kerak», dedi Ukraina prezidenti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid