Jahon | 08:14 / 16.08.2025
12524
3 daqiqa o‘qiladi

«Sovuqlikdan yiroq» - Tramp va Putinning uchrashuvdagi «tana harakatlari» baholandi

Jurnalistlar ikki yetakchining uchrashuvi «ancha iliq» o‘tganini ta’kidlamoqda.

Foto: REUTERS

Amerikaning CNN telekanali AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putinning Ankorij sammitidagi uchrashuvida «tana harakatlariga» e’tibor qaratdi.

Telekanalning ma’lum qilishicha, ikki yetakchining tana tili «sovuqlikdan yiroq» bo‘lgan. Putin Trampga qizil yo‘lakdan yaqinlashayotganida AQSh prezidenti bir-ikki marta qarsak chalib, uni kutib oldi. Prezidentlar bir-birining qo‘lini ikki marta siqqan va birgalikda Trampning limuzini tomon yo‘l olgan. Rasmiy suhbat boshlanishidan oldin Putin va Tramp tabassum bilan bir necha luqma tashlagan.

Keyinroq, delegatsiyalar uchrashuvi paytida o‘tirganlarida, Tramp ham, Putin ham bir necha bor jilmayib qo‘ygan, garchi Trampning yuzi asosan «toshdek qotgan» bo‘lsa ham.

Rossiya prezidenti sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabatini poza (tanasining holati) orqali bildirishi bilan mashhur, deb ta’kidladi telekanal. AQSh sobiq prezidentlari uning nutq so‘zlayotganda bukchayib turish odatini qayd etgan, bu esa uning bo‘layotgan voqealarga qiziqmasligi belgisi edi. Alyaskada u bukchayib o‘tirmadi. Aksincha, uchrashuv paytida oldinga biroz egilib, qo‘llarini qovushtirib, kameralarning shiqirlashi va muxbirlarning javobsiz qolgan savollari ostida o‘tirdi.

Shu bilan birga, NBC telekanali fevral oyida Tramp Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyni qanday kutib olgani bilan hozirgi holatni taqqoslab ko‘rdi va sezilarli farqlar borligini aniqladi.

Telekanalning qayd etishicha, Putinni kutib olish Zelenskiyga nisbatan ancha «iliq» bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, fevral oyidagi mojaroda Tramp va Zelenskiy tortishib qolgan, vitse-prezident Jyeyms Vens Ukraina prezidentini «yetarlicha hurmat ko‘rsatmagani» uchun tanqid qilgan edi.

Tramp va Putin 15 avgust kuni Alyaskada uchrashdi, yakunda hech qanday kelishuv bo‘lmadi. AQSh va Rossiya prezidentlari Ankorijdagi harbiy bazada muzokara olib bordi. Muzokaralardan so‘ng, Putin va Tramp matbuot vakillari oldiga chiqib, o‘z bayonotlarini o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng prezidentlar jurnalistlarning savollariga javob bermasdan zalni tark etdi.

Mavzuga oid