Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy 18 avgust kuni Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi
Ukraina rahbari bu haqda AQSh prezidenti bilan bo‘lgan telefon suhbatida kelishib olganini aytdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Bu haqda Zelenskiy o‘zlarining telefon suhbati yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, uchrashuv 18 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Ularning Tramp bilan suhbati «uzoq va mazmunli bo‘lgan». AQSh prezidenti unga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv yakunlari haqida ma’lumot bergan. Suhbatning yakuniy qismida Yevropa yetakchilari ham muloqotga qo‘shilgan.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina, AQSh va Rossiya rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Tramp Putin bilan muzokaralardan so‘ng, Fox News telekanaliga bergan intervyusida tomonlar «kelishuvga ancha yaqin» ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi Ukraina bunga rozi bo‘lishi kerak va hammasi «prezident Zelenskiyga bog‘liq». Tramp ehtimoliy kelishuv shartlariga aniqlik kiritmadi, faqat u «hududlar almashinuvi» va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutishini ta’kidladi.