Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning Zelenskiy bilan uchrashuvidan nima kutish mumkin?
Ukraina prezidenti og‘riqli yon berishlar yoki AQSh prezidenti bilan yangi tortishuvdan birini tanlashi kerak bo‘ladi.
Anna Moneymaker / Getty Images; Ihor Kuznietsov / Novyny LIVE
Bugun, 18 avgust kuni, AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni qabul qiladi. 15 avgust kuni Tramp Alyaskada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgandi, hafta oxirida esa u Zelenskiy va Putin uchrashuvini tashkillashtirishga umid qilmoqda. Uning Putin bilan muzokaralari mazmuni rasman e’lon qilinmagan, ammo bu borada ko‘plab mish-mishlar va taxminlar tarqalgan. The Economist, Financial Times va Bloomberg Zlenskiyning Putin bilan navbatdagi muloqotidan nima kutish mumkinligini bilish uchun Vashington va Kiyevdagi manbalari hamda ekspertlarga murojaat qildi. Quyida ularning javoblarining umumiy mazmuni keltiriladi.
Rossiya va AQSh prezidentlarining Alyaskadagi uchrashuviga Ukraina rasmiylarining birinchi reaksiyasi yengil tin olish bo‘ldi, deb yozadi The Economist. Donald Tramp Ukrainadan so‘zsiz taslim bo‘lishni talab qilmadi va muzokaralardan chiqmadi – ya’ni Kiyev uchun halokat hali sodir bo‘lmadi.
Ammo Tramp va Putin o‘rtasidagi muzokaralarning yangi tafsilotlari ma’lum bo‘lishi bilan Kiyevda xavotir kuchayib bormoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Oq uyda Tramp bilan uchrashuvi arafasida chiqqan xabarlar unga qabul qilib bo‘lmaydigan talablar qo‘yilishini ko‘rsatmoqda.
Zelenskiyning dilemmasi oddiy, deyiladi Bloomberg materialida: yoki og‘ir yon berishlar, shu jumladan hududlarni topshirish evaziga tezkor kelishuv; yoki Trampning g‘azabiga yo‘liqish, bu qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish va Ukrainani zaiflashtiradigan boshqa ko‘p narsalar bo‘lishi mumkin. Zelenskiy Amerika prezidenti bilan yangi bahslashuvdan qochishi, uning vositachilikka bo‘lgan qiziqishini saqlab qolishi, Putin ishtirokidagi uch tomonlama uchrashuv haqida kelishib olishi va iloji bo‘lsa, uni vaziyatga Putin tomonidan singdirilgan pozitsiyadan qaramaslikka majbur qilishi kerak bo‘ladi.
Putin Trampni chinakamiga ishontirganga o‘xshaydi va bu Vashingtonda ham xavotir uyg‘otmoqda, deb davom etadi Bloomberg. Ular aynan nima haqida kelishib olgani hali ham aniq emas, ammo Tramp neytral vositachi emas, balki Rossiya tarafdori ekanligi ozmi-ko‘pmi aniq. U Rossiya butun Ukrainani bosib olishga qodir deb hisoblaydi, holbuki frontdagi vaziyat ungacha juda uzoq ekanini ko‘rsatmoqda.
Tramp 2025 yil yanvarida AQSh prezidenti lavozimiga kirishganidan so‘ng urushni tezda tugatishga va’da bergandi, ammo aynan Rossiya to‘xtashni istamayapti. Vaziyatni yumshatish o‘rniga Moskva hujumlarni kuchaytirdi, iyun va iyul oylari esa keng ko‘lamli urush tarixidagi eng qonli oylar bo‘ldi.
Ukraina hukumati rasmiy ravishda muzokaralar – oldinga tashlangan qadam ekanini ta’kidlashda davom etmoqda, deb yozadi The Economist. Ular NATO nizomining beshinchi moddasi namunasi bo‘yicha Ukraina xavfsizligini kafolatlash mexanizmi muhokamasiga alohida e’tibor qaratmoqda – bu g‘oya Putin bilan uchrashuvdan keyin Tramp tomonidan ma’qullangan.
Ammo norasmiy ravishda Kiyevda ko‘pchilik Tramp urushni Rossiya shartlarida tugatishga tayyorligidan xavotirda. U Putinga ergashib, o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishdan bosh tortdi va darhol «keng qamrovli tinchlik» tuzish kerakligini ta’kidladi. Putinning tilidagi «keng qamrovli tinchlik» iborasi esa aslida Rossiyaning Ukraina ustidan hukmronligini anglatadi. Tramp esa bunga hatto og‘zaki bo‘lsa ham e’tiroz bildirmadi. Qolaversa, u endi Rossiya sulhga rozi bo‘lmasa, unga qarshi qattiq sanksiyalar qo‘llash haqida gapirmay qo‘ydi.
Putin esa Tramp tomonidan hech qanday qarshilikka uchramasdan, pozitsiyasini yanada mustahkamlamoqda va arzimas yon berishlardan ham bosh tortmoqda (u bungacha shunday yon berishlarga rozi edi). Alyaskada gap front chizig‘idagi mojaroni muzlatish haqida emas, balki Ukrainaning Donetsk va Luhansk oblastlaridagi pozitsiyalarini topshirish haqida bordi.
Ukraina razvedkasidagi manba The Economist bilan suhbatda amerikaliklar Kiyevdan yon berishni talab qilib, o‘zlarini «aql bovar qilmaydigan darajada tajovuzkor» tutayotganini aytib o‘tgan. Manba nima uchun AQSh Rossiya manfaatlarini bunchalik qat’iy ilgari surayotganini tushunmayapti.
Ukraina jamiyati urushdan charchagan va ko‘pchilik urushni to‘xtatish va kelajakda xavfsizlik kafolatlari uchun bosib olingan hududlarni amalda yo‘qotishga rozi bo‘lishga tayyor, deya qo‘shimcha qiladi The Economist. Ammo ko‘pchilik yangi yon berishlarga qarshi: ukrainlarning 20 foizdan kamrog‘i Tramp aytayotgan «hududlar almashinuvi»ga rozi bo‘ladi, deb yozadi nashr Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti ijrochi direktori Anton Grushetskiyga tayanib.
Bundan tashqari, Vashingtondagi muzokaralar Ukrainaning ichki siyosati uchun ham muhimdir, deya ta’kidlaydi Bloomberg. Iyul oyida Zelenskiyning korrupsiyaga qarshi organlarni zaiflashtirishga urinishiga qarshi ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tdi. U chekinishga va ularning mustaqilligini tiklashga majbur bo‘ldi. U hozir diplomatik muvaffaqiyatsizlikka yo‘l qo‘ya olmaydi.
Zelenskiy bilan bir vaqtda Vashingtonga Germaniya kansleri Fridrix Mers, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Italiya bosh vaziri Jorj Meloni, Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen, NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham yo‘l olgan. Ularning muhim maqsadlaridan biri Zelenskiyni «qo‘llab-quvvatlash guruhi» bo‘lishdir, ayniqsa Tramp bilan kelishmovchilik yoki fevraldagi kabi tortishuv yuz berganda. Zelenskiy uchun nafaqat natija, balki Tramp bilan muzokaralar ohangi ham muhim.
Financial Times suhbatlashgan Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Zelenskiy hozirgi front chizig‘i bo‘ylab «maqbul murosa»ga tayyor. Ammo u qo‘shinlarni hozirgi pozitsiyalaridan olib chiqib ketish va Ukraina hududlarini topshirish niyatida emas.
Kiyev va Vashingtonda ko‘pchilik pessimistik kayfiyatda. Tramp ilgari surayotgan bitim mustahkam tinchlikni ta’minlashi dargumon, undan voz kechish esa Amerika prezidentining g‘azabini qo‘zg‘atadi. FT bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning deyarli yagona imkoniyati – Trampga vaziyatni soddalashtirilgan tarzda ko‘rishning muqobilini taqdim etishdir, u hozirda «Rossiya qudratli, Ukraina esa zaif» deb hisoblaydi.
Mavzuga oid
15:21
Yevropa yetakchilari Trampning Ukraina bo‘yicha rejasiga ishonmayapti - Der Spiegel
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
08:52 / 04.12.2025
Tramp: Putin kelishuv tuzishni va «normal hayotga qaytishni» istayapti
15:57 / 03.12.2025