O‘zbekiston | 16:09 / 22.08.2025
4593
1 daqiqa o‘qiladi

ADWorld'ni reklama qilgan blogerlardan ikki nafari zararni qisman qopladi

ADWorld firmasidan yuzlab vatandoshlar aldanib qolishi ortidan, bu firmani reklama qilgan blogerlardan ikki nafari – Jahongir Latipov va Otabek Jo‘rayev jabrlanganlarning ayrimlariga zararlarini qisman qoplab berdi.

Xorijga ishga jo‘natish va’dasi bilan litsenziyasiz faoliyat yuritib, yuzlab odamlarni chuv tushirgan ADWorld firmasi mansabdorlariga nisbatan tergov ketmoqda. Avvalroq Kun.uz surishtiruvidan keyin firma rahbari Dilmurod Yusupov qamoqqa olingan edi.

Avvalroq ADWorld firmasini reklama qilgan bloger Jahongir Latipov jabrlanganlarning 5 nafariga 500 dollardan pul bergandi. Kuni kecha firmani faol reklama qilgan boshqa bir bloger Otabek Jo‘rayev (iWash) ham shunday yo‘l tutdi.

Jo‘rayev o‘zining BMW avtomobilini sotib, tushgan puldan 18 ming dollarini ADWorld firmasi bergan ro‘yxat bo‘yicha jabrlanuvchilarga taqsimlab bergan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 22 avgust kuni Raqobat qo‘mitasi blogerlar Otabek Jo‘rayev va Abdurahmon Abdurahmonovni litsenziyasi yo‘q firmani reklama qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortganini ma’lum qildi.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid