O‘zbekiston | 11:00 / 22.08.2025
9600
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziriga yangi birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Alisher Boboyev sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Qashqadaryo viloyati SSB boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Prezident qarori bilan Alisher Shukrullayevich Boboyev sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Alisher Boboyev 1996 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, ushbu oliy o‘quv yurtining klinik ordinatura yo‘nalishida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1998 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutida katta laborant sifatida boshlagan.

Turli yillarda Toshkent farmatsevtika instituti tibbiy biologik fanlar kafedrasi katta laboranti, Olmazor tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi maslahat-diagnostika poliklinikasi hamda Respublika klinik shifoxonasi urologiya bo‘limi singari qator muassasalarda shifokor-urolog, Sog‘liqni saqlash vazirligi kotibiyatida bosh mutaxassis kabi lavozimlarda ishlagan.

II darajali «Salomatlik» ordeni bilan taqdirlangan Boboyev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, vazirning oldingi birinchi o‘rinbosari Alisher Shodmonov 2024 yil sentabrida uzoq muddatli davolanishi munosabati bilan mehnat ta’tiliga chiqqandi.

Shundan keyin sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajarish Davron Tohirovich Sultonov zimmasiga yuklangandi. U esa 2025 yil mayida prezident raisligidagi yig‘ilishda ishdan olindi.

Mavzuga oid