Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sirdaryoda maktab ta’miri uchun o‘qituvchilar ishlatilgani aytilmoqda
Holat Xovos tumanidagi 9-maktabda bo‘lgan. Kun.uzʼga murojaat qilgan matematika o‘qituvchisiga ko‘ra, maktabning kapital ta’miri yakunlanmagani sabab aksariyat o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilingan. Vaholanki, bu vaqtda Bandlik vazirligi barcha maktab va bog‘chalarda bunga qarshi nazorat tadbirlarini o‘tkazayotgandi, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov esa majburiy mehnatga jalb qilganlar ishdan olinishi kerakligini gapirib chiqqandi.
Foto: Videodan kadr
Kun.uzʼga Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi 9-maktabdan murojaat kelib tushdi. Qayd etilishicha, maktab binosi 2025-2026 o‘quv yili boshlanishi oldidan kapital ta’mirga tushgan. Shu bois aksariyat pedagoglar ta’miri yakunlanmagan muassasada majburiy mehnatga jalb qilingani aytilmoqda.
“Men 11 avgust kuni mehnat ta’tilidan ishga qaytgan edim. 31 avgustga qadar maktab direktori tomonidan kapital ta’miri tugallanmagan maktabga ishga chaqirildim. Ish vaqtida o‘qituvchiga xos bo‘lmagan majburiy mehnatga jalb qilindim.
To‘g‘ri, bu ish xato ekanini ham bilar edim, men bu ishni qilmasligim ham mumkin edi va hattoki ta’miri tugallanmagan maktabga bormasligim ham kerak edi. Lekin maktabimiz direktori “har kuni yo‘qlama qilinadi va ishga kelmagan xodimlarga ish haqi yozilmaydi” deb o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qildi”, – deydi shu maktabning matematika o‘qituvchisi jo‘natgan shikoyatida.
Tahririyat murojaat botiga kelib tushgan va 27 avgust sanasida olingani aytilgan videolarda ham pedagoglar yer chopish, daraxt oqlash kabi ishlarni bajarayotgani ko‘rinadi.
Qolaversa, sayt ixtiyoriga 9-maktab direktori gapirgani iddao qilingan 39 sekundlik audio ham yuborildi. Unda o‘qituvchilar maktab tozalanishiga chaqirilgan.
“Soat 9 dan o‘tyapti, ish joylaringga telefon qilib chaqiryapman. Hazillashyapsanlarmi, yo o‘yin qilyapsanlarmi, yo bir-birimizni tushunmayapmizmi, ish joylaringga men telefon qilib chaqirishim kerakmi?
Kelib bilib-bilib ishlaringni qilinglar, ish joylaringni tozalanglar. Bemalol kelasanlar-da, keyin ketasanlar. Ishlaring menikidan ko‘p, maktabning ishini tugataylik. Shaxsiy ishlaringizni ta’tilda qilasizlar”, – deyilgan audioda.
Ayni vaziyat yuzasidan Kun.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov jo‘natdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon hamda Samarqand viloyatidagi maktablarda ham shunday vaziyatlar yuz bergani ortidan 15 avgustdan boshlab Bandlik vazirligi respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida “Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi”ni e’lon qilgandi. Ammo Mehnat inspeksiyasi haftalik yakunlarini hali ochiqlamadi.
Avgust oxirida esa Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov majburiy mehnatga jalb qilish va majburiy obuna masalalariga keskin munosabat bildirib, buni buyurgan direktor ham, unga chiqqan o‘qituvchi ham ishdan olinishi kerakligini gapirgandi.
Mavzuga oid
10:40 / 04.12.2025
Maktab va bog‘chalar qurilishini moliyalashtirish mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
13:56 / 27.11.2025
Oliy ta’limda ayol professor-o‘qituvchilar ulushi 46 foizga yetdi
12:24 / 19.11.2025
Farg‘ona va Toshkent shahri xususiy maktablar soni bo‘yicha peshqadam
08:08 / 19.11.2025