Jamiyat | 11:12 / 05.09.2025
2971
1 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistondan narkotik olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga olindi

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi 6 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, qirg‘izistonlik narkosavdogardan 2 kg “gashish” moddasini 15 000 AQSh dollariga sotib olishga kelishgan va ushbu maqsadda 1950 AQSh dollarini boshlang‘ich badal sifatida unga yetkazib bergan.

Foto: Videodan kadr

DXX xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarosi giyohvandlik vositasini o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasidan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib, Xonobod shahridagi xufiya joyda qoldirgan.

Qo‘rg‘ontepalik og‘ufurushlardan biri ushbu zahri qotilni olib, o‘zining avtomashinasida Xonobod-Qo‘rg‘ontepa yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruhning qolgan 5 nafar a’zosi ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu “gashish” giyohvandlik vositasining sof og‘irligi 1 kg 954 grni tashkil qildi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mavzuga oid