Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iqlim o‘zgarishi jahonda go‘sht narxlarini oshirmoqda
Iqlim o‘zgarishi va turli kasalliklar sabab go‘sht ishlab chiqarish qisqarishi, shu bilan bir paytda AQSh va Xitoyda mol go‘shtiga talab oshib borayotgani narxlarni rekord darajaga olib chiqdi. Sut mahsulotlari narxining ko‘tarilishi ham so‘yishga mo‘ljallangan qoramollar sonini kamaytiryapti. O‘zbekistonda oxirgi bir yilda mol go‘shti 25 foizga, qo‘y go‘shti 28,5 foizga qimmatladi.
Foto: Getty images
Avgust oyida global go‘sht narxlari yangi rekord darajaga yetdi, deya yozmoqda Bloomberg nashri. Bunga AQSh va Xitoyning mol go‘shtiga bo‘lgan kuchli talabi sabab bo‘lib, bu jarayon global qoramol zaxiralari kamayib borayotgan bir paytda bir necha oydan beri davom etayotgan o‘sishni yanada kuchaytirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tuzgan go‘sht narxlari indeksi avgust oyida iyuldagi rekordni ham ortda qoldirdi. Narxlarning keskin o‘sishi ayrim mamlakatlarda inflatsiya bosimini kuchaytirmoqda. Masalan, iyul oyida Buyuk Britaniyada mol go‘shti iste’mol narxlari qariyb 25 foizga yuqori bo‘ldi.
Dunyoning ko‘plab hududlarida chorvadorlar iqlim o‘zgarishi va kasalliklar bilan kurashishga majbur bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi qisqarib ketmoqda. AQShdagi qoramol soni oxirgi o‘n yilliklardagi eng past darajaga tushgan, yetakchi eksportchi Braziliyada ham qoramollar soni qisqarib bormoqda. Ob-havoning tobora beqarorligi esa qoramolchilikni tiklash jarayonini yanada qiyinlashtirmoqda.
FAO'ning 5 sentabrda e’lon qilingan hisobotida qayd etilishicha, AQShdagi yuqori talab Avstraliyada mol go‘shti narxini oshirgan. Shu bilan birga, Xitoyning Braziliyadan faol importi, AQSh bozorida tariflar oshishi tufayli savdo kamayganiga qaramay, braziliyalik yetkazib beruvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Sut mahsulotlari narxining ko‘tarilishi ham bozorga qo‘shimcha bosim beryapti, chunki so‘yishga mo‘ljallangan qoramollar soni kamaymoqda.
FAO iqtisodchisi Monika Totxovaning aytishicha, mol go‘shti bozoridagi vaziyat sut mahsulotlari narxlari yuqoriligi bilan ham bog‘liq. “Masalan, sariyog‘ va pishloq narxlari qimmat bo‘lsa, chorvadorlar sigirlarini go‘sht uchun so‘yishga shoshilmaydi”, – deydi u.
O‘zbekistonda narxlar bilan bog‘liq vaziyat
Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi bir yilda O‘zbekistonda suyaksiz mol go‘shti 25,7 foizga, suyakli mol go‘shti 24,9 foizga qimmatlashgan. Qo‘y go‘shti esa hozir bir yil oldingiga qaraganda 28,5 foizga qimmat sotilyapti.
2025 yil avgust oyida suyaksiz mol go‘shti o‘rtacha 0,7 foizga, suyakli mol go‘shti 0,2 foizga, qo‘y go‘shti 1,4 foizga qimmatlagan.
Agentlik izohiga ko‘ra, o‘tgan oyda respublika bozorlarida mol go‘shtining arzonlashtirilgan narxlarda (1 kg uchun 65 000-75 000 so‘m oralig‘ida) faol sotilishi o‘rtacha narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatgan va go‘sht narxining indeksi keskin oshib ketmasligiga sabab bo‘lgan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida 84,7 mln dollarlik (iyulda 81,7 mln dollar) go‘sht mahsulotlari import qilingan. Bunda mol go‘shti importi 66,1 mln dollarni tashkil etgan. Qo‘y go‘shti importi esa yuqori sur’atda oshishda davom etmoqda va 7,6 mln dollarga yetgan.
Raqamlar import go‘shtning o‘rtacha narxlari avgustda oshganini ko‘rsatmoqda – mol go‘shti 4,25 dollardan (iyulga nisbatan +0,22 dollar), qo‘y go‘shti 2,39 dollardan (+0,35 dollar), tovuq go‘shti 1,25 dollardan (+0,12 dollar) import qilingan.
Statistika agentligiga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki 7 oyida go‘sht va go‘sht mahsulotlari importi qiymati o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 74 foizga oshib, 420 mln dollarga teng bo‘lgan.
Mavzuga oid
19:38 / 04.12.2025
Nature jurnali O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlardagi xatolar tufayli iqlim haqidagi shov-shuvli maqolani qaytarib oldi
09:21 / 04.12.2025
Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini bojsiz olib chiqish me’yorlari e’lon qilindi
22:57 / 03.12.2025
Ekologiya – nihoyat siyosiy muammoga aylanyaptimi?
11:24 / 01.12.2025