Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oy tutilishi, yangi firib va Angrendagi dahshatli «avariya» - mahalliy yangiliklar
O‘zbekistonliklar Oyning to‘liq tutilishiga guvoh bo‘ldi. Kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. IIV yangi firibgarlik sxemasi haqida ogohlantirdi. Angrendagi dahshatli «avariya»da 7 kishi halok bo‘ldi. Kun.uz yoritgan ushbu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistonliklar Oyning to‘liq tutilishiga guvoh bo‘ldi
«Qonli Oy» deb nomlanuvchi noyob astronomik hodisa 7 sentabrdan 8 sentabrga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi.
Oy qizil-to‘q sariq rangga kirib, to‘liq tutildi. Jarayon 5 soatdan ko‘proq vaqtni oldi. Maksimal fazada Oy butunlay Yerning soyasida bo‘ldi. Uning g‘ayrioddiy rangi atmosferada quyosh nurlarining sinishi bilan izohlanadi: qisqa ko‘k nurlar tarqaladi va asosan qizil va to‘q sariq soyalar Oyga yetib boradi.
Oyning keyingi to‘liq tutilishi 2026 yil mart oyida yuz beradi.
Kartoshka yetishtirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
Prezident qarorida 2028 yildan har yili unuvchanlik darajasi 85 foizdan past bo‘lmagan kamida 10 mln dona kartoshkaning mini-tuganaklarini yetkazib berish, 2030 yilga borib, respublikada kartoshkaning o‘rtacha hosildorligini 16–17 tonnadan 25–30 tonnaga oshirish nazarda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili 1 dekabrgacha keyingi yilda yetishtiriladigan kartoshkaning in-vitro o‘simliklari, mikro va mini-tuganaklarining hajmlari bo‘yicha ilmiy muassasalar va tadbirkorlarga buyurtma beradi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan kartoshka yetishtiruvchilar tomonidan quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 50 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.
IIV yangi firibgarlik sxemasi haqida ogohlantirdi
Firibgarlar fuqarolarga telefon orqali ularning mol-mulki, bank kartalaridagi pullar, ko‘chmas mulki xavf ostida ekanini aytadi. Shundan so‘ng jinoyatchi ularni qo‘lga kiritmoqchi ekani, buning oldini olish uchun esa fuqaro bor mol-mulkini ularning “xavfsiz” hisobiga depozit shaklida qo‘yishi kerakligini, jinoyatchini qo‘lga olib, fuqaroning pullarini o‘ziga qaytarib berishini bildirib, psixologik bosim qiladi.
Huquqni muhofaza qilish organ vakillari hech qachon bu tarzda fuqaroga qo‘ng‘iroq qilib, bunday talablarni qo‘ymaydi.
Angrendagi dahshatli «avariya»da 7 kishi halok bo‘ldi
Toshkent viloyatining Angren shahrida 8 ta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi.
Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tgan A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lning 93-kilometrida fuqaro A.R. boshqaruvidagi sement tashuvchi Shacman rusumli yuk avtotransporti boshqaruvni yo‘qotib, harakat yo‘nalishidagi temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk avtomashinasi hamda beshta yengil avtotransport vositalari bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Sariosiyo hokimi o‘rinbosari mahalla faollarini paxta terimiga majburlagani ma’lum bo‘ldi
Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani hokimining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova tomonidan mahallalardagi faollar paxta terimiga majburlanmoqda. Bu haqda Kun.uz video va audiomateriallarga ega.
Hokim o‘rinbosari faollarni «vijdonsizlar» deb atagan. U har bir faol 5 nafardan odam olib chiqishi zarurligini, 150 nafar odam dalani «yamlamay yutishi kerakligini» bildirgan.
Hokim o‘rinbosari ariza yozib ketadiganlar «donolik qilmasdan» ketaverishi mumkinligini, ishga olib o‘tirmasligini aytgan va agar bunaqa qila olishmasa «ishni bajarishni» talab qilgan.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025