Jahon | 12:23 / 09.09.2025
2420
2 daqiqa o‘qiladi

Rheinmetall Ukrainani dronlarga qarshi tizimlar bilan ta’minlaydi

Armin Pappergerning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Rheinmetall tomonidan ishlab chiqilgan birinchi mobil Skyranger havo mudofaa tizimlarini yil oxirigacha – Bundesverdan ertaroq oladi.

Skyranger havo mudofaa tizimi Foto: Robert Michael/dpa/picture alliance

Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Ukrainani dron hujumlaridan himoya qilish uchun Skyranger havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlaydi. Qiymati yuzlab million yevro bo‘lgan shartnoma 10 sentabr kuni Londondagi DSEI mudofaa sanoati ko‘rgazmasida imzolanadi, dedi konsern rahbari Armin Papperger 8 sentabr, dushanba kuni e’lon qilingan ZDF telekanaliga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi tizimlar joriy yilning oxirigacha Ukraina qurolli kuchlariga yetkazib beriladi.

Skyranger tizimi — bu, xususan, Leopard tanklariga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan mobil zenit platformasi. «Ushbu tizimlarning har biri to‘rtdan to‘rt kilometrgacha bo‘lgan maydonni qamrab olib, dronlardan to‘liq himoyani ta’minlay oladi. Bu barcha dronlar yo‘q qilinishini bildiradi», — dedi Papperger. U bu tizimlar Ukrainaga hozirgi vaziyatda katta yordam bera olishini ta’kidladi.

Shunday qilib, Ukraina Germaniya qurolli kuchlaridan oldin Skyranger'ni qabul qiladi, deb ta’kidlaydi dpa agentligi. 2024 yil fevral oyida Bundesver ushbu havo mudofaa tizimlarini ishlab chiqish va yetkazib berish uchun buyurtma berdi. Qiymati 595 million yevro bo‘lgan shartnoma prototip va yana 18 ta seriyali avtomobil yetkazib berishni nazarda tutadi. Pappergerning so‘zlariga ko‘ra, Bundesver hali bu uskunani olmagan.

Mavzuga oid