Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Buvaydalik 130 yoshli Huvaydo momoning tug‘ilganlik fakti belgilandi
Shu paytgacha momoning 130 yoshda ekanini isbotlovchi fakt yo‘q edi. Sud tuman adliya bo‘limining da’vo arizasini qanoatlantirib, Huvaydo momo Umarovaning 1895 yil 1 yanvarda tug‘ilganlik faktini belgiladi.
Foto: Adliya vazirligi
Farg‘onada 130 yoshli Huvaydo momo Umarovaning tug‘ilganlik fakti belgilandi. Bu haqda Adliya yangiliklari kanalida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, Adliya vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasida Buvayda tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan Huvaydo momoning tug‘ilishi qayd etilmagani aniqlangan. Adliya bo‘limi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan.
O‘tkazilgan sayyor sud majlisida da’vo ariza qanoatlantirilgan hamda sud qarori bilan Huvaydo momoning 1895 yil 1 yanvarda tug‘ilganlik fakti belgilangan. Endilikda Huvaydo momo Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng keksa ayol sifatida kiritilishi mumkin.
Kun.uz uch asr bilan yuzlashgan Huvaydo momo haqida 4 yil oldin reportaj tayyorlagandi. O‘shanda momoning eng katta o‘g‘il farzandi vafot etgani, undan keyingi qiz farzandi 80, yana bir qizi 79, kenja farzandidan oldingi o‘g‘li 70 va kenja farzandi 60 yoshda ekani aytilgandi.
Momoning ta’kidlashicha, ularning avlodida bir asrdan ziyod yashaganlar ko‘p bo‘lgan: masalan, momoning otasi Toshmat ota 101 yoshga, tog‘asi Mullaqodir ota 130 yil yashagan bo‘lsa, ammasi Saydiniso ona 125 yil umr ko‘rgan.
Ma’lumot uchun: Huvaydo momo Umarova 2016 yilda prezident farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng keksa ayol sifatida kiritilgan braziliyalik Ina Kanabarru Lukas 2025 yil may oyida 116 yoshida vafot etgandi. Amerika gerontologiya tadqiqot guruhi va dunyodagi eng keksa insonlar yoshini tekshirish bilan shug‘ullanadigan LongeviQuest ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, sayyoraning eng keksa ayoli maqomi Ina Kanabarru Lukasdan keyin Buyuk Britaniyaning Surrey grafligida yashovchi Etel Katerhemga o‘tgan. U hozirda 115 yoshda.
Mavzuga oid
18:09 / 25.11.2025
Ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari ishdan olindi
15:25 / 25.11.2025
Farg‘onada hokim o‘rinbosari ekologiya inspektoriga kuch ishlatdi
21:08 / 10.09.2025
“Opam ona sog‘inchini o‘zi bilan olib ketdi” – Angrendagi dahshatli YTHda opasi va otasidan ayrilgan o‘g‘il
12:31 / 21.08.2025