O‘zbekiston | 18:18 / 18.09.2025
10720
2 daqiqa o‘qiladi

2026−2030 yillar «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi

Ushbu davrda aholi uchun yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda isrofning oldini olish choralari ko‘riladi. Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar «belgilangan tartibda» o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

2026−2030 yillar O‘zbekistonda «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori (.pdf) qabul qilindi.

Qayd qilinishicha, ushbu davrda aholi ehtiyojiga yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda isrofning oldini olish choralari ko‘riladi, aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tushuntirish tadbirlari o‘tkaziladi, oziq-ovqat mahsulotlaridan hosil bo‘lgan chiqindilar qayta ishlash korxonalariga topshiriladi. Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar «belgilangan tartibda» o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi.

Qaror bilan umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini kamaytirish va isrofning oldini olishga qaratilgan «Oqilona iste’mol» (Save Food) dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.

Rejada umumiy ovqatlanish korxonalarining markazlashgan oqova suv tizimlariga ulanishi, atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalarni o‘rnatishi, oziq-ovqat chiqindilarini kompostlashi tartibi belgilangan.

Rejada qayd qilinishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining behuda yo‘qotilishini kamaytirish uchun ularni yig‘ishtirib olish, saralash, yuklash, tashish, muzlatkichlarga joylashtirish jarayonlari monitoring qilinadi. Do‘konlarda yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlariga chegirma tizimi kengroq joriy etiladi.

O‘zbekistonda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning o‘tkazilishini tartibga soluvchi reglament 2019 yilda parlament tomonidan tasdiqlangan, jumladan, ishtirokchilar soniga cheklov kiritilgan. Shu yili ushbu qoidalarni buzganlik uchun jarimalar ham joriy etilgan edi.

2025 yil bahorida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishi tartibining yangilanishi haqida e’lon qilindi. Biroq, hujjat hali e’lon etilmadi.

Mavzuga oid