O‘zbekiston | 00:44 / 23.09.2025
3817
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti va Citigroup raisi bilan uchrashdi

Uchrashuvda strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Nyu-York shahriga amaliy tashrif doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan uchrashdi.

Jahon banki guruhi bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda ushbu global moliyaviy institut bilan, eng avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar doirasidagi ustuvor dastur va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishda hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatimiz bankning Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkorlaridan biridir. Qo‘shma loyihalar portfeli 14 milliard dollardan oshdi. Toshkentda Jahon bankining mintaqaviy ofisi ochildi. Yaqinda Namangan shahrida o‘tgan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" III xalqaro forumi yakunlari yuksak baholandi.

Davlat rahbari amaldagi Sheriklik dasturida asosiy e’tiborni barqaror o‘sishni ta’minlashga, loyihalarni jadal, sifatli va samarali amalga oshirishga qaratish muhim ekanini ta’kidladi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish, xotin-qizlar va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, yangi "Namunali mahalla" modeli asosida hududlarni kompleks rivojlantirish, qishloq infratuzilmasi, xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalarida ekspertlik ko‘magi, iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va moliya sohasini transformatsiya qilish strategiyasini amalga oshirish kabi yo‘nalishlar ustuvor etib belgilandi.

Bank Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishda ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev AQSh eng yirik moliyaviy korporatsiyasi – Citigroup raisi Jon Duganni qabul qildi.

Citigroup bank, investitsiya va moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Uning bozor kapitallashuvi 100 milliard AQSh dollaridan ortiqni tashkil etadi, kompaniya umumiy qiymati 2,3 trillion AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan aktivlarni boshqaradi.

Uchrashuvda korporatsiya bilan hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Citigroup ko‘magida O‘zbekiston banklari va davlat korxonalarining obligatsiyalari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Toshkentda kompaniyaning ofisi ochildi.

Yirik davlat korxonalari bo‘yicha IPO bitimlarini tayyorlash va tuzish, yevroobligatsiyalar chiqarish, mamlakat reytingini oshirishni ta’minlash uchun maslahat yordamini ko‘rsatish, shuningdek, moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va savdoni moliyalashtirishning yangi vositalarini ishga tushirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Korporatsiya bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasini qabul qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid