Jahon | 21:56 / 23.09.2025
13590
3 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda ish haqi va pensiyalarni oshirishdan voz kechish taklif etildi

Bu haqda Xalq maslahati yig‘ilishida oqsoqol Yozmurod Otamurodov tashabbus bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rahbariyatining «baxtli xalq turmush darajasini barqaror o‘stirayotgan» siyosati tufayli «aholining ijtimoiy-maishiy sharoitlari yuqori darajaga yetgan».

Foto: Videodan kadr

Turkmaniston hukumati ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari va stipendiyalar miqdorini har yili oshirishdan voz kechishi kerak. Bu haqda Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida bo‘lib o‘tayotgan Xalq maslahati yig‘ilishida oqsoqollar kengashi a’zosi, faxriy oqsoqol Yozmurod Otamurodov ma’lum qildi.

Xalq maslahati raisi va uning o‘g‘li - Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga murojaat qilar ekan, Otamurodov mamlakat rahbariyatining «baxtli xalq turmush darajasini barqaror o‘stirayotgan» siyosatini yuqori baholadi. U aholining ijtimoiy-maishiy sharoitlari yuqori darajaga yetganini aytib, to‘lovlarni oshirishni to‘xtatishni taklif qildi va «odamlar uchun yaratilgan bunday imtiyozlar dunyoning hech bir mamlakatida yo‘qligini» ta’kidladi.

TDH xabariga ko‘ra, oqsoqol Gurbanguli Berdimuhamedovdan o‘z tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini, tejalgan mablag‘larni mamlakat taraqqiyoti va boshqa muhim vazifalarga yo‘naltirishini samimiy so‘ragan. Berdimuhamedov, o‘z navbatida, Otamurodovga nutqi va tavsiyalari uchun minnatdorchilik bildirdi.

Turkmen news xabariga ko‘ra, oqsoqolning taklifi turkman ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Turkmenportal davlat nashri hatto bu xabar ostidagi izohlarni yopib qo‘ygan. Foydalanuvchilar inflatsiya odatda indeksatsiya qilinadigan 10 foizdan ancha yuqori ekanini ta’kidlagan: masalan, go‘sht yarim yil ichida ikki baravar qimmatlashdi - 100 manatgacha (5 dollar). Masalan, talabalar formasi oilalarga taxminan 12 ming manatga (600 dollar) tushadi va ota-onalar farzandining o‘qishini to‘lash uchun kredit olishi kerak bo‘ladi. Ko‘pgina sharhlovchilar oqsoqolning samimiyligiga shubha qildi, kam daromad va tirikchilik qiyinchiliklaridan shikoyat etdi.

Turkmanistonda eng kam pensiya hozir 550 manat (taxminan $27,5), nafaqa - 520 manat ($26).

Rasmiylar to‘lovlarni indeksatsiya qilishni bekor qilish tashabbusiga hozircha izoh bermadi. Ammo 2015 yilda Xalq Maslahati a’zosining xalq «qudrat va baxt davrida shunchalik yaxshi yashaydiki, gaz, suv va elektr energiyasi uchun bemalol to‘lay oladi» degan bayonoti oxir-oqibat ushbu xizmatlar uchun imtiyozlarning butunlay bekor qilinishiga olib kelgan edi.

Mavzuga oid