Jahon | 16:25 / 27.09.2025
9390
3 daqiqa o‘qiladi

Starbucks yuzlab qahvaxonalarini yopmoqda

Dunyodagi eng mashhur qahvaxonalar tarmog‘i 2025 yil boshidan beri ikkinchi marta qisqartirish e’lon qilib, AQShda yana 900 xodimini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lyapti. Kompaniyaning Shimoliy Amerikadagi 400 ga yaqin do‘koni shu oyning o‘zida yopiladi. Qisqartirishlar qisman Yevropaga ham taalluqli. Sabab – sotuvlar hajmi uzluksiz kamayishdan to‘xtamayapti.

Foto: AP

Starbucks qahvaxonalar tarmog‘i AQShda 900 nafar xodimini ishdan bo‘shatishi va oy oxirigacha Shimoliy Amerikadagi 400 ga yaqin do‘konini yopishini e’lon qildi. Kompaniya Yevropada ham ayrim qahvaxonalarini yopmoqchi. Qisqartirishlardan maqsad – xarajatlarni kamaytirish.

Bundan tashqari, rahbariyat bu o‘zgarishlar orqali savdo nuqtalarida mijozlarning kutib qolish vaqti kamayishi va daromadli joylarda savdo hajmi oshishini aytmoqda.

Starbucks shu yil fevral oyida ham sotuvlari pasayib borayotgani uchun AQShda 1100 ta ish o‘rnini qisqartirayotgani, menyuni esa maqbullashtirayotganini e’lon qilgandi. Shu tariqa, kompaniya bir yil ichida o‘z mamlakatida 2 mingta ish o‘rnidan voz kechishga majbur bo‘lmoqda.

Kompaniya bosh direktori Brayan Nikkolning so‘zlariga ko‘ra, navbatdagi qisqartirish doirasida Britaniya, Shveytsariya va Avstriyadagi ayrim qahvaxonalar ham yopiladi. Shu bilan birga, joriy moliya yilida Britaniyada 80 ta, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika bo‘ylab esa jami 150 ta yangi do‘kon ochish rejasidan voz kechilmagan.

Starbucks iyul oyida e’lon qilgan choraklik hisobotidan kelib chiqilsa, brendning AQShda joylashgan va ochilganiga bir yildan oshgan qahvaxonalarida sotuvlar hajmi ketma-ket oltinchi chorakda ham pasaygan. Aynan ichki bozor, ya’ni Qo‘shma Shtatlar eng mashhur kofeshoplar tarmog‘i uchun eng asosiy bozor hisoblanadi.

Moliyaviy natijalarning salbiyligi fonida, yil boshidan beri Starbucks aksiyalari 8 foizga arzonlashdi.

TD Cowen tahlilchilarining qayd etishicha, AQShda ommalashib borayotgan format – avtomobildan tushmagan holda qahva xarid qilish imkonini beruvchi kofeshoplar Starbucks'ga jiddiy raqobatchiga aylangan.

Starbucks qahvaxonalarining mijozlar ko‘z o‘ngidagi imiji raqobatchilarning imijiga nisbatan yomonlashib borayotgani ham sotuvlar tushishiga sabablardan biri, deydi tahlilchilar.

O‘tkazilgan so‘rovlarda mijozlarning 70 foizdan ortig‘i narxlar balandligi uchun Starbucks qahvaxonalariga borishni kamaytirayotganini aytgan.

Bundan tashqari, kompaniyaning Qo‘shma Shtatlardagi baristalari kasaba uyushmasiga yig‘ilib, o‘z e’tirozlarini bildira boshlagani menejment uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqaryapti.

Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida e’lon qilingan statistikadan AQSh mehnat bozoridagi vaziyat kutilganidan ancha yomonroqligi ma’lum bo‘lgandi. Bu, xususan, prezident Donald Trampning savdo siyosati bilan ham bog‘liq.

Mavzuga oid