Jahon | 12:26 / 06.10.2025
2322
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Gurjistondagi saylovlarni tanqid qildi

Yevropa Ittifoqi vakillari Kaya Kallas va Marta Kos Gurjistondagi munitsipal saylovlarni tanqid qildi. Ular hukmron partiyani «halol saylovlar o‘tkazish imkoniyatini keskin cheklovchi» sharoitlarni yaratayotganlikda aybladi.

Foto: SCANPIX/EPA/DAVID MDZINARISHVILI

5 oktyabr, yakshanba kuni e’lon qilingan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas va Kengayish, sharqiy qo‘shnichilik, qayta qurish va Ukraina bo‘yicha komissari Marta Kosning qo‘shma bayonotiga ko‘ra, Gurjistondagi munitsipal saylovlar muxolifatga qarshi «keng qamrovli repressiya sharoitida» o‘tkazildi.

«Mustaqil ommaviy axborot vositalariga qarshi bir necha oy davom etgan reydlar, fuqarolik jamiyatiga qarshi qonunlar, muxolifat a’zolari va faollarining hibsga olinishi, saylov qonunchiligiga hukmron partiya foydasiga kiritilgan o‘zgartirishlar adolatli saylovlar o‘tkazish imkoniyatini keskin cheklab qo‘ydi», — deyiladi bayonotda. Gurjiston tomonining xalqaro kuzatuvchilarni ishtirok etishiga ruxsat bermasligi «saylov jarayonining shaffofligiga putur yetkazdi».

Mamlakatdagi ehtimoliy yangi ommaviy norozilik namoyishlari oldidan Kallas va Kos namoyishchilar va Gurjiston hukumatini «xotirjamlik va vazminlikni» saqlashga chaqirdi. Shuningdek, ular fuqarolarning yig‘ilishlar va so‘z erkinligi huquqlarini hurmat qilishni so‘radi.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 75 foizi sanab bo‘lingandan keyin hukmron «Gurjiston orzusi» 81 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. U barcha munitsipalitetlarda g‘alabani e’lon qildi. Tbilisida Kaxa Kaladze mer lavozimini saqlab qoldi. Bosh vazir Irakliy Kobaxidze partiya va merni g‘alaba bilan tabriklar ekan, «Gurjiston orzusi»ning faxriy raisi, partiya asoschisi Bidzina Ivanishviliga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Saylovda «Gurjiston orzusi»dan tashqari quyidagi partiyalar ham ishtirok etdi: «Kuchli Gurjiston– Lelo» (6,775 foiz), "Gaxariya – Gurjiston uchun" (3,872 foiz), "Girchi" (3,291 foiz) va "Konservatorlar – Gurjiston uchun" (2,765 foiz), shuningdek, bir foizdan kam ovoz olgan bir qator kichikroq partiyalar. 

Biroq kuzatuvchilar tomonidan keng tarqalgan qonunbuzarliklar haqida xabar berilmagan. Saylovlar YeXHT xalqaro kuzatuvchilari ishtirokisiz o‘tkazildi, chunki Gurjiston rasmiylaridan taklif juda kech kelgan. Ovoz berishni kuzatish uchun mahalliy nodavlat tashkilotlar ham yo‘q edi. Saylov arafasida rasmiylar ko‘plab xorijiy jurnalistlarga kirishga ruxsat bermadi.

Mavzuga oid