Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Medvedev: «Yevropaliklar so‘yilishga ketayotgan hayvonday titrasin»
Bugun Yevropa davlatlari osmonida «kutilmaganda adashib qolayotgan» dronlar haqida gaplashamiz. Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev bu haqda qiziq gaplardi aytib qoldi. Urush davrida tuppa-tuzuk blogerga aylangan tovarish Medvedevning bu postini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Besh versiya
Avvalo Dmitriy Anatoliyevich urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay Telegram'da kanal ochgani, hozir 1,8 milliondan ortiq o‘quvchisi borligini aytish kerak. Uning o‘quvchilari haqiqiy, kanal «aylantirilmagan», undagi postlar 3-4 million martalab o‘qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Telegram'da reklama sotadigan tadbirkorlarning ko‘zini quvnatadigan kanal. Biroq Medvedev kanalida reklama bermaydi, asosan ukrain millatini kamsitib, ularni har xil jirkanch so‘zlar bilan atab post joylaydi.
Medvedev ana shu kanalida Yevropa osmonlarida ko‘rinish berayotgan dronlar haqida «chuqur tahliliy post» e’lon qildi. Hatto beshta versiya ham sanab chiqdi:
1-versiya. Banderachilar qurol yetkazib berishni yaxshilab, urushni kattalashtirish uchun qilgan provakatsiya;
2-versiya. Ushbu davlatlardagi Rossiyani qo‘llovchi kuchlar Yevropa Ittifoqida hayotni izdan chiqarish uchun qilgan;
3-versiya. Mahalliy maxsus xizmatlar havo mudofaa tizimini tekshirish uchun qilgan;
4-versiya. Mahalliy bezorilar qilgan;
5-versiya. Dronlar Rossiyadan to‘g‘ri uchirilgan.
Demak, Rossiya sobiq prezidenti dronlar Rossiyadan turib Yevropa davlatlariga uchirilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti. Vaholanki, Rossiya tomoni bu dronlarning mamlakatga umuman aloqasi yo‘qligi haqida gapirib yotibdi. Ya’ni, Medvedev Moskvaga mos bo‘lmagan bayonot bilan chiqdi.
Medvedevga ko‘ra, yuqoridagi barcha versiyalar dronlar Yevropagacha borishi uchun sabab bo‘lishi mumkin ekan. Lekin, ana shu yeriga jiddiy e’tibor bering, gap dronlar kim tomonidan uchirilganida emaskan.
Buyog‘iga tovarish Medvedevning gapini aynan keltiraman, chunki bu eng asosiy qismi: «Eng asosiysi, yaqindagi yevropaliklar o‘z terisida urush xavfini his qilsin. Xuddi so‘yishga olib ketilayotgan podadagi hayvon kabi qaltirasin. O‘zi va yaqinlarining azobli yakuni haqida o‘ylab qo‘rquvdan titrasin. Balki shunda ular urush nima ekanini tushunib yetib, qon evaziga siyosiy ochko va pul ishlayotgan Makron va Mers kabi tasqaralarning boshlarini uzib tashlashar». Iqtibos tugadi. Bu gaplarni ruschada o‘qisangiz, undagi nafrat ohangini yanada aniqroq his qilasiz.
Dmitriy Anatoliyevichdan boshqa rossiyalik Ukrainadagi urushni urush deb atasa, javobgarlikka tortilgan bo‘lardi. Axir Rossiyada urushni urush deyish taqiqlanadi. Bu shunchaki maxsus harbiy amaliyot, «SVO».
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Men sizlarga Dmitriy Medvedevning kanalini kuzatib borishni tavsiya qilmayman. Yaxshisi, biz siz uchun uning postlarini kuzatib, undagi nafratni biroz kamaytirib yetkazib boramiz. Qandaydir muhim gap bo‘lsa albatta. Dronlar haqida Medvedevning posti albatta e’tiborga molik. Chunki sobiq prezident bu nafratomuz posti bilan juda katta insonlar guruhining kayfiyatini ochib beryapti.
Bu ohangdagi nafrat shunchalik kuchliki, bu aslo kuchli insonning nafratiga o‘xshamaydi. Agar inson chindan kuchli bo‘lsa, dushmanini so‘kib, uni har xil gaplar bilan haqoratlab o‘tirmaydi. Nafratni oshkora bildirish aslo kuchlilarning xususiyati emas...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov