O‘zbekiston | 21:54 / 07.10.2025
3109
4 daqiqa o‘qiladi

Metroda tug‘ilgan bola va superkompyuter klasteri – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Sun’iy intellektni qo‘llash uchun superkompyuter klasteri tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini yaratish, data-markazlar qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhit yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 mln dollar ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirilgan.

Hozir sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida «superkompyuter klasteri»ni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Ekologiya vazirligi xazonlarni yoqib yubormaslik to‘g‘risida ogohlantirdi

Xazon, shox-shabba, o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasiga asosan fuqarolarga 1 mln 236 ming so‘mdan 2 mln 60 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 2 mln 60 ming so‘mdan 4 million 120 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘simlik qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga is gazi, uglerod oksidi kabi zararli moddalar ajralib chiqadi.

Vazir yoki hokimlikka nomzodlar korrupsiyaga qarshi rejasini taqdim etadi

Hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati oshirilishi kutilmoqda. Yangi qonun loyihasiga muvofiq, hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bilan bir qatorda, hududda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda o‘z faoliyat dasturi bilan birga tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishi belgilanmoqda.

Toshkentda metro bekatida chaqaloq tug‘ildi

Metroning G‘afur G‘ulom bekatida ayol farzandini dunyoga keltirdi. Unga poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi ayol birinchi yordam ko‘rsatgan.

Ma’lum qilinishicha, poyezdlarni kutib olish va jo‘natish bo‘yicha navbatchi xodim Naima Maxamadjonovaga bekat o‘tish yo‘lagidagi ichki ishlar xodimi tomonidan yo‘lovchi ayolning holati bo‘yicha xabar berilgan. Vaziyatni to‘g‘ri baholagan Naima Maxamadjonova xizmat davomida o‘ziga o‘rgatilgan maxsus bilimlar va ko‘nikmalarni ishga solgan holda birinchi yordam ko‘rsatib, voqea joyida ayolning farzandini sog‘-omon dunyoga keltirishiga yaqindan ko‘maklashgan. Hozir ona va bolaning sog‘ligi yaxshi ekani ta’kidlanmoqda, ular shifoxonaga yetkazilgan.

Qayd qilinishicha, endi ona-bolaga metrodan umrbod bepul foydalanish kartasi beriladi.

O‘zini prezident administratsiyasi xodimi deb tanishtirgan shaxs ozodlikdan mahrum qilindi

Toshkent shahrida o‘zini prezident administratsiyasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirib yurgan shaxs jinoiy jazoga tortildi.

Ma’lum qilinishicha, DXX hamda Toshkent shahar IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 33 yoshli erkakning mashinasi to‘xtatilgan. Hujjatlarni tekshirish jarayonida haydovchi o‘zining DXX xodimi ekanini ma’lum qilib, yo‘l-patrul xizmati inspektoriga guvohnomani ko‘rsatgan.

Ammo shaxsning ma’lumotlari tekshirib ko‘rilganida xizmat guvohnomasi qalbaki ekani, DXXga umuman aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Gumonlanuvchi shu joyning o‘zida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mavzuga oid