O‘zbekiston | 16:42 / 08.10.2025
8159
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda noqonuniy oltin qaziyotgan 37 kishi qo‘lga olindi

Shofirkon tumanidagi Quljuqtov massivida noqonuniy ravishda oltin qazib olayotgan shaxslar ushlandi. Ular davlat va jamiyat manfaatlariga 20 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani aniqlangan.   

Foto: O‘zA

«Kontexnazorat» tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlari hududlaridagi obektlarda xizmat tekshiruvlari olib borildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi «Quljuqtov» va Navoiy viloyatining Konimex tumanidagi «Tovshan» tog‘ massivlarida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Jarayonda «Oltin Kon» MChJ tasarrufidagi ushbu hududlarda begona shaxslar tomonidan noqonuniy oltin qazib olish holatlari aniqlangan.

Holatlar yuzasidan to‘plangan materiallar asosida Davlat xavfsizlik xizmati hamda viloyat IIB hamkorligida tezkor choralar ko‘rilgan. Xususan, «Quljuqtov» massivida o‘tkazilgan tadbirda 37 nafar shaxs noqonuniy faoliyat yuritayotgan paytda qo‘lga olingan.

Tadbir davomida Ford rusumli 3 ta mashina, 8 ta perforator, 6 ta kompressor va tarkibida oltin moddasi mavjud bo‘lgan 400 qopga yaqin ruda hamda boshqa qo‘lbola yasama asbob-uskunalar ashyoviy dalillar sifatida olingan. Noqonuniy faoliyat orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jami 20 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan aniqlangan.

 

Mavzuga oid